Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalarda turmush tarzi yaxshilanmoqda
13:03 / 2025-07-22

Qaror va ijro 

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlarini qoplash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida izchil va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bo‘lgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik turli ko‘rinishdagi yordam dasturlari orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-2025 yilgi isitish mavsumi davomida Toshkent viloyatida ijtimoiy reyestrga kiritilgan hamda kiritilmagan ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, elektr va gazdan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun ham kompensatsiyalar ajratildi. 

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2025 yil 2 apreldagi tegishli qarori bo‘yicha ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada keng qamrab olish borasida qo‘shimcha choralar belgilanib, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlangan. Mazkur hujjat doirasida bu yil iyun oyidan boshlab ijtimoiy reyestr va kambag‘allik reyestrlariga kiritilgan fuqarolar tomonidan kompensatsiya olish uchun arizalar topshirilmoqda. 

Yangi tartibga ko‘ra, ilgari reyestrga kiritilmagan ehtiyojmand aholini qamrab olish foizi ham oshirilgan. Endilikda yordam olish imkoniga ega bo‘lgan aholining qamrovi kengaytirilib, har bir ehtiyojmand oila uchun qo‘shimcha ijtimoiy ko‘mak ko‘zda tutilgan. Yordam olayotgan fuqarolarning fikrlarida bu choralarning amaliy samarasini yaqqol ko‘rish mumkin. 

– Dastlab bu kompensatsiya haqida eshitganimda, “Bizga ham tegarmikan?”, deb turmush o‘rtog‘im bilan gaplashgan edim. Oradan ko‘p o‘tmay mahallamizdagi ijtimoiy xodim uyimizga kelib, arizamizni qabul qildi. Hozir bizga kompensatsiya ajratilmoqda, – deydi Zangiota tumani “Sortepa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Latofat Rahmatillayeva. 

– Yaqinda elektr va gaz uchun kompensatsiya ajratilishi yuzasidan bergan arizamiz qabul qilindi. Hozirda ushbu kompensatsiya pullari berila boshlandi. Tejalgan mablag‘larni nabiralarimning o‘qishi va ro‘zg‘orimizdagi xarajatlarga ishlatyapman. Bu ko‘mak biz kabi fuqarolar uchun katta yengillik bo‘lyapti, – deydi Zangiota tumani “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Arofat Boqijonova. 

Umuman olganda, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bu kabi moddiy yordam va kompensatsiyalar aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadri ustuvor ekanining amaliy isbotidir. 

A.Musayev,O‘zA.