Xalqimiz bahor faslini o‘zgacha ko‘tarinkilik va tayyorgarlik bilan kutib oladi. Ayniqsa, bu faslda ko‘chat ekib, atrofni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu kunlarda boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Navoiy viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish va xayriya hasharlari tashkil etilmoqda.
Loyiha doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Fondning viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda Navoiy shahridagi “Yangiariq” mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar xonadoniga 10 tupdan mevali daraxt ko‘chatlari ekib berdi.
Ne’mat bobo Jumayev mahallaning S.Ayniy ko‘chasi, 32-uyda istiqomat qiladi. 1948 yilda tug‘ilgan bobo yolg‘iz yashaydi. Uning xonadonidagi bo‘sh turgan yerga 10 tup olma, anjir, olcha, behi va boshqa mevali daraxt ko‘chatlari ekib berildi. Bundan tashqari Ahmad Yassaviy ko‘chasi, 46-uyda yashovchi Bahrom ota Barakayev xonadoniga ham 10 tup mevali daraxt ko‘chatlari tuhfa qilindi.
– Ko‘klam kelishi bilan ko‘cha-ko‘ylar, mahallalarni obod qilishga, yon-atrofni ozoda, tartibli va saranjom holda saqlashga alohida e’tibor qaratilib, keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda “Mahalla” fondi Navoiy shahar bo‘linmasi tomonidan ham shahardagi barcha mahallalarda bo‘sh turgan yerlarga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda, – deydi fondning Navoiy shahar bo‘linmasi raisi Surat Sharipov.
Bundan tashqari, fond tomonidan umummilliy loyiha doirasida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka yolg‘iz keksalar, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan “Ayollar daftari” va “Temir daftar" ro‘yxatiga kirgan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan turli darajadagi yordam ko‘rsatilmoqda.
Shu kunga qadar Fond viloyat bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari tomonidan 2500 donadan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA