Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalar vakillariga yordam ko‘rsatildi
17:52 / 2024-12-26

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 16 dekabr kuni mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda Andijon viloyati Shahrixon tumanida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tumanning 3-sektor hududidagi Paxtako‘l mahallasida yashovchi 4 nafar ehtiyojmand oila vakillariga hududga biriktirilgan Milliy bank tuman bo‘limi tomonidan homiylik asosida qo‘y, duxovka va tikuv mashinalari berildi. 

Ayni kunda Paxtako‘l mahallasidagi 620 xonadonda 1 ming 225 oila tarkibida 3 ming 600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada aholi bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. 

– Yil boshida “mahallabay” va “xonadonbay” o‘rganishlar davomida ishsiz, kam ta’minlangan fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirishga qaratilgan zarur ishlar olib borildi, – deydi “Paxtako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib boruvchi hokim yordamchisi Husniddin Soliyev. – Jumladan, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida 135 nafar ishsiz fuqaroning bandligi doimiy ishga joylashish va o‘zini-o‘zi band qilish orqali ta’minlandi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 25 nafar yigit-qizga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratildi. Shuningdek, 30 nafardan ortiq fuqaroga turli yo‘nalishlarda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 400 million so‘mdan ortiq kredit ajratilishiga ko‘maklashildi, 3 nafar fuqaroga subsidiya asosida tikuv mashinasi va motokultivator berildi. 

Mahallada mazkur yo‘nalishdagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. 

Xususan, tuman ichki ishlar bo‘limi hamda Milliy bank tuman bo‘limi tomonidan homiylik asosida turli jihozlar berilishi bilan yana to‘rt nafar ishsiz fuqaro doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. 

– Menga yangi tikuv mashinasi berilganidan behad xursandman, – deydi mahallaning “Paxtako‘l – 1” ko‘chasida yashovchi Gulzoda Komilova. – Tikuvchilik hunarini egallaganman, lekin zamonaviy tikuv mashinasi olishga imkon qilolmayotgan edim. Yaxshi insonlarning ko‘magida menga tikuv mashinasi berildi. Endi ishlab, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim. 

F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari