Davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Buxoro viloyatidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun iftorlik dasturxonlari yozilmoqda.
Ayni kunlarda sektorlar rahbarlari, imomlar joylarda iftorlik tashkil etib, hikmatli sabr oyida mehr-muruvvat va saxovat kabi yuksak fazilatlarni keng namoyon etmoqda.

Viloyat hokimi Botir Zaripov Qorako‘l tumanidagi “Tashabbus” mahallasida yashovchi Abdulla aka Qurbonov xonadonida iftorlik qildi.
Abdulla akaning xonadonidagi iftorlik dasturxoniga uning qo‘shnilari, diniy ulamolar taklif etildi. To‘kin dasturxon atrofida Vatanimizga tinchlik, joylarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga bardavomlik, har bir xonadonga fayzu barokat tilab, duo qilindi. Mamlakatimizda yuz berayotgan beqiyos o‘zgarishlar, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, joylarda keng quloch yozayotgan milliy qadriyat va an’analarimizning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni singari mavzularda dildan suhbatlashildi.

Abdulla akaga mahalladagilar “suyagi dalada qotgan” degan ta’rifni berishadi. Bu bekorga emas, u butun umr qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritgan.
– Dastlab jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lganman, –deydi Abdulla aka Qurbonov. – Keyin fermerchilik tashkil etilgach, mahallamizdagi shu xo‘jalikda ishladim. Xo‘jalikda qaysi ishni bajarmay, astoydil mehnat qilishga harakat qilardim. Ko‘p yillar davomida xo‘jalikda birinchilikni qo‘ldan bermaganmiz. Shu mehnatimiz ortidan turmush o‘rtog‘im bilan 4 qiz, bir o‘g‘ilni voyaga yetkazdik. Birin-ketin ularni uyli-joyli qilyapmiz. Avvalo, tinchligimizga ko‘z tegmasin deymiz. Unga teng ne’mat yo‘q.

Abdulla aka nafaqaga chiqib ham “tinch o‘tirmaydi”. Hovlisidagi tomorqasida ekin-tikin yumushlari bilan band.
–Tomorqa fayz-baraka manbai, – deydi Abdulla aka Qurbonov. – 20 sotixdan ortiqroq tomorqamiz bor. Har yili pomidor, sabzi, kartoshka singari mahsulotlar yetishtirib, yaxshigina hosil olamiz. Uning bir qismini oilamiz va qo‘ni-qo‘shnilar bilan baham ko‘ramiz. Qolganini bozorda sotib, kam-ko‘st uchun sarflaymiz. Qolaversa, tomorqamizda issiqxona ham tashkil etganmiz. O‘tgan yili issiqxonadan ham yaxshigina daromad oldik.

Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq” mahallasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida iftorlik xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat prokurori Mahmud Istamov, sektor rahbarlari hamda nuroniylar va ro‘zadorlar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar a’zolari qatnashdi.

Iftorlik dasturxoni atrofida keksalar duoga qo‘l ochib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovon hayot tilab shukronalik bildirdi.
Viloyatning barcha mahalla va qishloqlarida sektorlar rahbarlari, diniy idoralar vakillari hamda oqsoqollar ishtirokidagi serfayz iftorliklar davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA