Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayru saxovat, ma’naviy poklanish ayyomi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyi shukuhi qalblarga huzur bag‘ishlamoqda.


Binobarin, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida fazilatli oyni xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish, ayniqsa, rahmat va mag‘firat nurlari yog‘iladigan ushbu saodatli kunlarda kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Namangan viloyat hududiy filiali tomonidan “Ona” jamoat fondi bilan hamkorlikda joylarda “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.


Unda Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarining obodonlashtirish tashkilotlarida ishlovchi 250 nafar ishchi-xodim, viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar stomatologiya poliklinikasining 50 nafar xotin-qiz tibbiy xodimi, yana mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 200 nafar ehtiyojmand ayoliga oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi tarqatildi.
– Qutlug‘ oydagi bunday xayriya ishlar ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehru oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Namangan viloyat hududiy filiali direktori Xayrullo Ortiqov. – Ushbu savobli harakat orqali ko‘plab oilalar dasturxoniga baraka, ko‘ngliga quvonch ulashish maqsad qilindi. Mehr-oqibat va saxovat ruhi asosida amalga oshirilgan xayrli tashabbusga javoban aholi tomonidan minnatdorlik izhor etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA