Aholi bandligini ta’minash va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning yashash sharoitini yaxshilash borasida mamlakatimizda qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Har bir mahalladagi aholining turmush darajasini ma’lum darajada yaxshilashga qaratilgan ishlar o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida ham ehtiyojmand aholining turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiylashuvini ta’minlash va ularga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu jihatdan, Toshkent shahar Bektemir tumanida izchil ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ming 630 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda. Ularning 52 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Shuningdek, 54 oila “Yagona milliy ijtimoiy himoya” ATga kiritilgan. 25 nafar oila “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan bo‘lib, ular bilan individual nazorat rejasi asosida ishlar olib borilmoqda.
Mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy xodim Ulug‘bek Abdullayevning manzilli yondashuvi bilan bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, mahalla darajasidagi resurslardan foydalangan holda 4 nafar fuqaro “Kambag‘allik reyestri”dan chiqib, oilaviy daromadi yaxshilangan.
Bir misol, Odina Insopova farzandini uyda parvarish qilayotgani sababli ishlash imkoniyatiga ega emas hamda oila birlamchi ehtiyojlarga muhtojligi bor edi. Ijtimoiy xodim tashabbusi bilan mahalla darajasidagi homiylar tomonidan xonadoni ta’mirlab berildi. Shuningdek, farzandi imtiyozli maktabgacha ta’lim muassasasiga (bog‘cha) joylashtirilib, fuqaroga huquqiy va psixologik maslahatlar berildi. O‘zi tikuvchilikka o‘qitilib, bandligi ta’minlandi. Ushbu sa’y-harakatlar nafaqat bir oilani qo‘llab-quvvatlash, balki boshqa ehtiyojmand xonadonlar uchun namuna sifatida xizmat qilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA