O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi tegishli qaroriga asosan, 2024 – 2025 yilgi isitish mavsumi (noyabr – fevral)da aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilgan edi.
– Bu borada joylardagi aholiga zarur ijtimoiy yordamlar qilish borasida ish olib borildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi rahbari Miraziz Mirsultonov. – Xususan, 62,1 mingta oilaga 16,8 milliard so‘m miqdorida bir martali moddiy yordam to‘lab berildi. Birgina elektr va tabiiy gazdan bazaviy me’yordan ortiqcha foydalangan 18,7 ming oilaga 4,0 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2025 yil 2 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha ehtiyojmand oilalarni yanada kengroq qo‘llab-quvvatlash maqsadida gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya oluvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni boshlangan. Hozirgi kunga kelib, faqatgina Toshkent viloyatining o‘zida 40 ming nafardan ortiq fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan.

O‘rta Chirchiq tumani Yangilik mahallasida yashovchi Bibigul Narimbetova 2-guruh nogironligi bor shaxslar ro‘yxatida turadi, kam ta’minlangan va yolg‘iz ayol. Uning tarbiyasida 1 nafar voyaga yetmagan farzandi bor.
– Oilamizdagi yagona daromad nogironlik pensiyasi va bolam uchun tayinlangan nafaqa. Yashash sharoitim og‘ir. Shu tufayli “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilganman. 2024 yil qish mavsumida gaz va elektr energiyasi bo‘yicha davlat yordami asosida ariza topshirib, kompensatsiya oldim. Bu yil ham Prezidentimiz qarori doirasida arizam qabul qilindi. Davlatimizning bunday e’tiboridan juda minnatdorman, – deydi B.Narimbetova.

Bibigul opa bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, gaz va elektr energiyasini tejab ishlatishni o‘z oldiga maqsad qilgan. O‘tgan yil yoz oyida u foydalangan tabiiy gaz to‘loviga juda qiynalgan edi. Bu yil esa tomorqasida yetishtirilgan pomidorlardan qishga zaxira tayyorlash, konserva yopishni rejalashtirgan.
Mazkur tumandagi O‘rtovul mahallasida yashovchi Nodira Ertayeva va turmush o‘rtog‘i Bekzod Ertayev ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan. Oilada uch nafar farzand bor. Turmush o‘rtog‘i B.Ertayev yaqinda oyog‘i singani sababli ishlash imkonidan mahrum bo‘lgan.

– Oilaviy holatimiz juda og‘ir. “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilganimiz ham shundan edi aslida. Bolalar nafaqasini olgandik, lekin, hozir uning muddati tugagan. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan kompensatsiya biz uchun juda katta yordam bo‘ldi, – deydi Nodira Ertayeva.
Oila to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qizlari Madina va Malikada burun qismining shishmasi aniqlanib, jarrohlik amaliyoti uchun order olindi. Tez orada ularning salomatligini tiklash choralari ko‘riladi. Bu oila yil davomida gaz va elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiya olish uchun ro‘yxatga kiritildi.

Umuman olganda, davlat tomonidan joriy etilgan ushbu ijtimoiy dastur nafaqat aholining energiya xarajatlarini qoplash, balki ularning sog‘lig‘ini asrash, farzandlarini ta’lim va tarbiya uchun jalb qilishga xizmat qilmoqda. Bu esa ijtimoiy adolat tamoyilining amaldagi yorqin namunasidir.
A.Musayev, O‘zA