Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalar ko‘makdan mamnun
15:17 / 2025-11-17

Qaror va ijro

Kech kuz. Toshkent viloyatiga xos tumanli tonglar keng dala bo‘ylab asta yoyilib, qishloqlardagi uylarning tomiga birinchi sovuq zarrachalari tushayotgan pallalar. Qishning ayozli kunlari hali biroz oldinda bo‘lsa-da, ammo, uning zahri sezila boshlandi. Mana shunday kezlarda viloyat bo‘ylab tarqalgan bir xabar ko‘plab oilalarda nafaqat iliqlik, balki umid uyg‘otdi. 

Ehtiyojmand oilalarga bir million so‘m bir martali moddiy yordam yetkazildi. Bu Prezidentimizning 2025 yil 2 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, qish mavsumida energiya to‘lovlariga qiynalayotgan oilalar qo‘llab-quvvatlanayotganidir. 

Bu odamlarning qishdan qiynalmay chiqishi uchun davlatning e’tibori va mehr ramzidir. Xususan, Quyi Chirchiq tumanining Jumag‘uli mahallasidagi hovlilardan biri e’tiborimizni tortadi. Unda Gulmira Yaxshiboyeva oilasi bilan yashaydi.

– Turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi. Ko‘p yillar davomida bir ishda mustahkam ishlolmay, o‘zini foydasiz his qilardi. Yaqinda ishga joylashdi. Qish mavsumi yaqinlashgani sari elektr, gaz haqidagi o‘ylar tinchlik bermasdi. Bir million so‘m yordam haqida eshitganimizda ko‘nglimiz yorishdi. Davlatimizning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan e’tibori bizga ko‘plab imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi Gulmira Yaxshiboyeva. 

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 77 ming 849 oila ushbu yordamni oldi. Shundan, “Ijtimoiy reyestr”da qayd etilgan fuqarolar 48 ming 516, “Kambag‘al oilalar reyestri”da 10 ming 208, mahalla yettiligi tomonidan shakllantirilgan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati 19 ming 125 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, tizim faqat rasmiy ro‘yxatlar bilan cheklanib qolmay, mahalla bo‘ylab yurib, eshik taqillatib, oilalarning ahvolini o‘rgangan holda xulosa chiqarildi. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu turdagi yordamni olish uchun 25 ming 147 fuqaro ariza topshirgan bo‘lsa, 58 ming 754 oila avtomatik tarzda tizim orqali aniqlangan. 2 ming 424 oila bir nechta uyi yoki yangi mashinasi borligi sababli rad etildi, 3 ming 598 fuqaro yuqori daromad tufayli yordam olish toifasiga to‘g‘ri kelmadi. Bu jarayon ijtimoiy yordamning “haqiqiy manziliga borishi”ga xizmat qilgan mexanizm bo‘ldi. 

To‘lovlar qanday yetkazildi, degan savol bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi malumotiga ko‘ra, bu jarayon uchun 77 milliard 849 million so‘m moliyalashtirilgan. Plastik kartasi bo‘lganlarga 30 oktyabr kuni mablag‘ tushirildi. Karta yo‘qlariga mahallama-mahalla yuruvchi “sayyor kassalar” faoliyat ko‘rsatdi. 

Muhimi, bu yordam faqat shu mavsum bilan chegaralanmaydi. Elektr va gazni bazaviy me’yordan ortiq ishlatgan ehtiyojmand oilalar yil davomida qo‘shimcha kompensatsiya oladi. Demak, tizim faqat “bir kunlik yordam” emas, balki samarali qo‘llab-quvvatlashdir. 

A.Musayev, O‘zA.