Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojmand oilalar doim e’tiborda
14:38 / 2025-10-14

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sifatini oshirish va jamiyatga faol integratsiyasini ta’minlash maqsadida qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada, mahallalarda joriy etilgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatishda o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, Angren shahri 8-Mart mahalla aholisi 4 ming 987 nafarni tashkil qiladi. Bu yerda 1 ming 381 ta oila va 1 ming 63 ta xonadon mavjud. Ularning 119 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan. 

Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi orqali har bir murojaat joyida o‘rganilib, har bir oila bilan individual ishlash tamoyili asosida muammolar bartaraf etilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon 538 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgani bu tizimning samaradorligini ko‘rsatadi. Bunda ijtimoiy xodim Maftuna Abdurayimovaning kasbiga bo‘lgan yuksak mas’uliyat va fidoyiligi ham bor. 

– Ushbu tizim mahallalarda joriy etilgani ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farovonligini ta’minlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish uchun qulay imkoniyat yaratdi, – deydi Maftuna Abdurayimova. – Shu jarayonda ijtimoiy xodim sifatida o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Maqsad  yordamga muhtojlarning hayot sifatini yaxshilash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish.

Mazkur mahalladagi Ozodlik ko‘chasida yashovchi 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs Marhabo Yo‘ldosheva va uning turmush o‘rtog‘i Rahmatilla Yo‘ldoshevning oilasi og‘ir ijtimoiy vaziyatda edi. Oila holati ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganilib, “Kambag‘allik reyestri”ga kiritildi. Ularning yagona daromadi tomorqada yetishtirilayotgan gullarni sotish orqali olinardi. Ko‘rsatilgan yordamlar natijasida bola nafaqasi tayinlandi, ikki nafar farzand ingliz tili to‘garagiga bepul qabul qilindi. Marhabo opaga nogironlik nafaqasi tayinlandi, shu bilan birga, homiylar yordamida fuqaroning farzandlariga o‘quv qurollari yetkazildi, turmush o‘rtog‘i Rahmatilla Yo‘ldoshev “O‘zbekko‘mir” AJga ishga joylashtirildi. 

–  Ijtimoiy xodimning yordami bilan oilamiz hayotida ijobiy o‘zgarishlar boshlandi. Farzandlarim to‘garakka boradi, turmush o‘rtog‘im ishga joylashdi. Eng asosiysi, endi o‘zimizni jamiyatning faol vakili, deb his qilamiz, – deydi Marhabo Yo‘ldosheva.

Kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi nafaqat moddiy yordam, balki insonlarning ijtimoiy faollashuviga, o‘ziga bo‘lgan ishonchini tiklashga xizmat qilmoqda. Bu tizim orqali jamiyatda insonparvarlik, mehr-oqibat va hamjihatlik qadriyatlari mustahkamlanib bormoqda. Shunday ekan, har bir ijtimoiy xodimning fidokorona mehnati ortida butun boshli oilalarning taqdiri, umidi va kelajagi mujassam. 

A.Musayev, O‘zA.