Buxoro viloyati Kogon tumani Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi uy bekasi Zilola Tillayeva 4 nafar farzandning onasi. Katta farzandi Sultonjon bolalikdan nogiron. U 14 yoshga kirganiga qaramay, ta’limga jalb qilinmagan edi.
Mahallada o‘tkazilgan xatlov jarayonida ijtimoiy xodim tomonidan oila holati o‘rganildi. Zilola opaga inklyuziv ta’lim bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi. Farzandi tegishli muassasaga jalb etilib, amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Oilaning ehtiyojidan kelib chiqib, individual xizmatlar rejasi tuzildi.
Sultonjon kunduzgi parvarish xizmatiga jalb qilinib, uning rivojlanishi hamda ijtimoiy moslashuviga sharoit yaratildi. Oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Zilola Tillayeva uchun bola nafaqasi tayinlandi va tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha bir martali moddiy yordam to‘lab berildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kiyim-kechak hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi. Bugun oila davlat tomonidan berilgan imkoniyatlardan foydalanib, hayot sari qadam qo‘ymoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.