Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Prezidentimizning 2026-yil 17-fevraldagi ”Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarorida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ko‘maklashish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Namangan viloyatida ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramozon oyida aholining ehtiyojmand qatlamini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida tibbiyot xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Bunda ijtimoiy reyestrdagi oilalar a’zolarini davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha astoydil ish olib borilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida yetmishdan ziyod bemorlarni sog‘lomlashtirish ishlariga kirishildi.
Xususan, Mingbuloq tumani Madaniyat mahallasida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila bekasi Qizlarxon Usmonova xayrli imkoniyatdan foydalangan ilk bemor bo‘ldi. U bugunoq tibbiyot markaziga yotqizildi. Ma’lum bo‘lishicha, bemor so‘ritokdan yiqilib tushib, umurtqasidan jiddiy jarohatlangan. Unga mazkur shifo maskanida tez kunlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.
Chust tumanidagi G‘ova qishlog‘idan kelgan Komiljon Otajonov ham shifoxonaga joylashtirilgan bemorlardan biri bo‘lib, uning tayanch-harakat a’zolarida muammo mavjud. Do‘xtirlar bemorlarni sog‘lomlashtirish ishlarini boshlab yuborishdi.
Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Abdullajon G‘oziyevning qayd etishicha, viloyat bo‘yicha 264 nafar bemor “Vaqf” xayriya jamoat fondi, 133 nafari esa davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtiriladi.

Hududlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vaucherlari egalariga tantanali ravishda topshirildi. Dalatobod tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Sherbek Usmonov va tuman tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari Abdumutal Akbalayevlar hududda yashaydigan, ijtimoiy reyestrda turuvchi bemorlarga davolanish uchun vaucherlar taqdim qilishdi.
Ushbu jarayon Yangi Namangan tumanida ham davom ettirildi. Tuman hokimining o‘rinbosari Behzod Jo‘rayev va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Botirjon Ma’murovlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari ishtirokida aholining ehtiyojmand qatlami xonadonlarida bo‘ldi. Saxovat va Mustaqillikning besh yilligi mahallalarida istiqomat qiluvchi, nomlari ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar vakillari jamg‘arma nomidan chiqarilgan davolanish va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi huquqini beruvchi vaucherlarni qabul qilib olishdi.
– Ulug‘ Ramazon oyida bizdek ehtiyojmand, xastahol kishilarga g‘amxo‘rlik qilayotgan Prezidentimizga behad minnatdorlik bildiraman, – deydi og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgan Zamira Ergasheva. – Bugun men kabi insonlarga ko‘rsatilgan iltifot va mehribonlikdan boshimiz osmonga yetdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA