O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda. «Mening Konstitutsiyam» shiori ostidagi navbatdagi siyosiy-huquqiy muloqot tadbiri Qarshi shahridagi istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov so‘zga chiqdi:
– Keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi ulkan islohotlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Konstitutsiyaviy islohotlar orqali jamoatchilik takliflari asosida Bosh qomusimiz haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylanmoqda. Yangi tahrirdagi hujjat bilan davlat zimmasiga qator ijtimoiy majburiyatlar yuklanmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 13-14-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, 43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda. 57-moddada esa mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasiga olinmoqda. Bu kabi moddalar Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari ishonchli himoya qilinishini, davlatning fuqarolar oldidagi, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash borasidagi mas’uliyati bir necha barobar ortayotganini aks ettiradi, – dedi partiya yetakchisi.
Bayramona kayfiyatda o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha mahalliy Kengash deputatlari, faollar va yoshlar ham so‘zga chiqib, o‘z mulohazalarini bildirdi. Tadbirda 30 aprel kuni referendumda faol ishtirok etish O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir insonning fuqarolik burchi ekani alohida ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA.