Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ehtiyojdan ortig‘i – eksportga
16:22 / 2014-07-30

Surxondaryo viloyatining o‘ziga xos qulay iqlim va tuproq sharoiti qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bir yilda ikki-uch marta hosil olish imkonini beradi.

Surxondaryo viloyatining o‘ziga xos qulay iqlim va tuproq sharoiti qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bir yilda ikki-uch marta hosil olish imkonini beradi. Bundan unumli foydalanayotgan voha fermerlari yurtimiz obodligi va aholi farovonligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shayotir. Mahsulotini eksport qilib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Bunga Sariosiyo tumanidagi ko‘p tarmoqli “Abdurahmon-Abdug‘affor-Davr” fermer xo‘jaligi faoliyati yaqqol misol bo‘la oladi.

Xo‘jalik a’zolari 22 gektar maydonda olma, uzum, gilos, nok yetishtirmoqda. O‘n gektar yerda intensiv bog‘ barpo etib, sterling, golden, fuje va gala kabi serhosil olma ko‘chatlari parvarishlayotir. 40 gektar maydondagi “Namangan-77” navli g‘o‘za nihollaridan mo‘l hosil to‘planmoqda.

Omilkor fermer o‘tgan yil bog‘dagi bo‘sh yerlar va hosildan bo‘shagan maydonlarning bir qismiga karam, qizil lavlagi ekkan edi. Vaqtida sug‘orib, oziqlantirdi. Hosil cho‘g‘ini chamalab, ertachi mahsulotning mahalliy bozordan ortiq qismini xorijga eksport qilishni yo‘lga qo‘ydi. Shu yil bahorda ikki yuz tonna karam, yuz tonnaga yaqin qizil lavlagi chet elga jo‘natildi.

– Dunyoning ayrim davlatlarida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb masalaga aylanayotgan bir paytda Prezidentimiz rahnamoligida ehtiyojimizdan ortiq mahsulotlarni eksport qilib, qo‘shimcha daromad olishimiz uchun qulay sharoit yaratilayotgani qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldiradi, – deydi xo‘jalik rahbari Abdug‘affor Ahmedov. – Shu kunlarda Latviyaga ikki yuz tonnadan ortiq qovun eksport qilishni mo‘ljallamoqdamiz.

Xo‘jalik a’zolarining fidokorona mehnati tufayli yildan-yilga ishlab chiqarish ko‘lami kengayib, eksport salohiyati oshib bormoqda. Joriy yilda bir gektardan ortiq maydonda zamonaviy issiqxona tashkil etilib, limon ko‘chatlari ekildi. Ko‘chat qator oralarida turli oziq-ovqat ekinlari ham parvarish qilinayotir. G‘alladan bo‘shagan 70 gektar maydonga eksportga mo‘ljallangan karam va ko‘kat urug‘lari qadalmoqda. Bog‘da olma, uzum, nok va boshqa mevalar pishib yetilayotir. Intensiv bog‘ning o‘zidan yuz tonnadan ortiq olma yig‘ib olish ko‘zda tutilmoqda.

Fermerning ta’kidlashicha, intensiv bog‘dagi olmalarning bir qismi peshma-pesh mahalliy bozorda sotiladi. Mamlakatimiz poytaxti va boshqa shaharlarda tashkil etiladigan yarmarkalarga yetkazib beriladi. Qolgan qismi terib olinib, eksport qilish uchun saqlab qo‘yiladi. Buning uchun tijorat bankining 2 milliard 275 million so‘m kredit mablag‘i hisobidan ikki ming tonna sig‘imga ega zamonaviy meva saqlash ombori bunyod etildi. Eksportdan olinayotgan daromad evaziga meva terish va saqlash uchun qulay bo‘lgan zamonaviy polietilen qutilar ishlab chiqaradigan korxona qurilishi ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Intensiv bog‘ tejamkor texnologiyaga asoslangani bilan fermerda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bois 90 gektar maydonda yangi intensiv bog‘ yaratishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu bog‘da daraxtlarni tomchilatib sug‘orish usuli joriy etiladi.

– Bunday usul xo‘jalik uchun ham, ziroat uchun ham qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, – deydi xo‘jalik mirobi Ziyod Qo‘ldoshev. – Hisob-kitobimizga ko‘ra, uch gektar bog‘ni oddiy usulda sug‘orish uchun 3 ming 600 kubometrgacha suv sarflanadi. Tomchilatib sug‘orilganda bu ko‘rsatkich bir necha barobar kamayadi. Nihollarga beriladigan o‘g‘it va boshqa mikroelementlarning polietilen quvurlar orqali suv bilan yuborilishi ikki-uch agrotexnik tadbirni qisqartirib, fermerning xarajatlarini kamaytiradi. Ma’lumki, ortiqcha suv o‘simlikka zarar yetkazadi, tomchilatib sug‘orilganda esa nihollar me’yorida namlanib turadi. Shuning uchun kelgusi yil tashkil etiladigan yangi bog‘imizni ham tomchilatib sug‘orishni rejalashtirib oldik.

Xo‘jalikda mehnat qilayotgan 200 ga yaqin dehqon va ishchi-xizmatchining aksariyati kasb-hunar kollejini tugatgan yoshlardir.