Eng aziz, eng ulug‘ bayram, buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami yurtimizda katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan yuksak natijalarda turli soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning o‘rni va hissasi beqiyos. Ayni bayram arafasida ana shunday yurtga sodiq, o‘z mehnati va sadoqati bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz, turli soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Joylarda ushbu davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Tashqi ishlar vazirligida ham “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlariga munosib deb topilgan vazirlik tizimidagi bir guruh xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov barchani eng aziz bayram — Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi. O‘zbekistonning 30 yillik mustaqil taraqqiyot yillarida erishgan natijalari, shu jumladan, tashqi siyosatda ochiq va pragmatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilgani, uzoq va yaqin qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari mustahkamlanganini ta’kidladi.
[gallery-3640]
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 avgustdagi farmoniga binoan, bir guruh yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi. Taqdirlanganlar orasida Tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan qariyb 180 nafar xodim, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan 27 nafar xorijiy hamkor, shuningdek, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida faollik ko‘rsatayotgan xorijdagi 45 nafar vatandoshimiz ham bor. Bundan tashqari, Vazirlik tizimida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan, jamoa orasida yuksak hurmat va ehtiromga loyiq ikki nafar diplomat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Konsullik-huquqiy departamenti 1-kotibi Mavludaxon Alimxodjayevaga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni berilgani alohida qayd etildi.
Vazir ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirib, mukofot sohiblarini qutladi. Ushbu e’tirof butun jamoaga mas’uliyat yuklashi barobarida, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida yanada samarali mehnat qilishi uchun yangi kuch va g‘ayrat ulashishiga ishonch bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA