Mehr-shafqat va saxovat oyi bo‘lgan muborak Ramazon munosabati bilan yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar izchil davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan mamlakatda aholi farovonligini ta’minlash, ayniqsa kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ustuvor vazifaga aylangan.
Shunday savobli tadbirlardan biri Sirdaryo viloyatida tashkil etildi. Viloyat hokimligining qo‘llab-quvvatlashi va viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati tashabbusi bilan Mirzaobod tumanidagi Mirzacho‘l mahallasida kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar uchun ehson iftorligi o‘tkazildi.


Tadbir “Olmos” marosimlar maskanida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Iftorlik munosabati bilan fayzli dasturxon yozildi. Mahalla ahli, nuroniylar va keksalar bu to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lib, iftorlik nozu ne’matlaridan bahramand bo‘lishdi. Nuroniy otaxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun duo qilishdi.
Tadbir davomida ehtiyojmand oilalarga sovg‘alar, shuningdek, un, yog‘ kabi kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari berildi.


Iftorlikda ishtirok etgan mahalla fuqarosi, ehtiyojmand oila vakili Oysuluv G‘aybullayeva o‘z minnatdorligini quyidagicha izhor qildi:
– Bugun bizga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda mamnunmiz. Ramazon oyida bunday saxovatli tadbir tashkil etilgani qalbimizga quvonch bag‘ishladi. Yordamlar biz kabi oilalar uchun katta dalda va ko‘mak bo‘lmoqda. Avvalo buning uchun Davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
– Bunday xayrli iftorliklar aholi o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlaydi va Ramazon oyining ma’naviy ahamiyatini yanada his etishga yordam beradi, – dedi mahalla nuroniyi O‘sar Tovboyev. – Yordam va e’tibor qalbimizga katta quvonch bag‘ishlaydi hamda aholining turmushini yaxshilashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri