Armiya yosh yigitlarimiz uchun chinakam hayot maktabidir. Harbiy sohada xizmat qilish yigitlar uchun nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafdir. Qolaversa, ota-onalar farzandlari voyaga yetgach, Qurolli kuchlar safida vatanga sodiq xizmat qilishlarini niyat qiladi.
Xo‘sh, bugun harbiy xizmatni o‘tash tartibi bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?
Ma’lumki, muddatli harbiy xizmat uchun tanlov har yili 10 avgustdan chaqiruv yilining 10 fevraliga qadar Tanlov kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur jarayon chaqiriluvchilarning hujjatlarini o‘rganish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, kasbiy tanlov o‘tkazish hamda yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali tashkillashtiriladi.
Tanlab olingan nomzodlar chaqiruv mavsumida, ya’ni mart-aprel oylarida tumanlardagi tibbiy komissiyadan hamda butlash komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkazilib, yakuniy qaror qabul qilish uchun mudofaa ishlari boshqarmalaridagi harbiy tibbiy komissiyasi va rahbariyat kengashiga yuboriladi.
Chaqiriluvchilar harbiy tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra sog‘lom, deb topilganda, rahbariyat kengashi tomonidan ushbu chaqiriluvchilar qo‘shin turiga tayinlanadi hamda chaqiriluvchiga qaysi hududga va qachon ketishi aytiladi.
Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo‘ldoshev tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga chaqiriladi.
Chaqiriluvchilar har yili chaqiruv mavsumida, ya’ni mart-aprel oylarida tuman hokimining qarori asosida tayinlangan hududiy komissiya tomonidan saralab olinadi. Bunda tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra sog‘lom deb topilgan, oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lgan nomzodlar tanlab olinadi va ular bilan Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatini o‘tash va belgilangan pul badalini to‘lash uchun shartnoma tuziladi. Shartnomaga ko‘ra pul badallarini to‘liq qoplagan chaqiriluvchilar bir oylik harbiy yig‘inga jalb etiladi.
MUDDATLI HARBIY XIZMATNI O‘TAGAN FUQAROLARGA IMTIYOZLAR BOR...
Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyoz beradigan harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi beriladi.
Oliy ta’lim muassasasi qabul qilish kvotasining 5 foizi, ya’ni umumiy qabul qilinadigan talabalar miqdoridan tavsiyanomaga ega bo‘lgan 5 foiz nomzodlar qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan fuqarolarga esa o‘zining to‘plagan balining 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ball qo‘shib beriladi.
Shuningdek, xizmatdan so‘ng tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Belgilangan xizmat muddatini tugatgan harbiy xizmatchilarni mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish, ya’ni ularning bandligini ta’minlash masalasi joylardagi Bandlik boshqarmasi va tuman bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
SAFARBARLIK CHAQIRUVI REZERVI XIZMATI UCHUN TO‘LANGAN PUL BADALI QAYTARIB BERILADIMI?
Pul badalini to‘lagan, biroq harbiy yig‘indan o‘tmagan fuqarolarga to‘langan mablag‘lar harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda, tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan 27 yoshgacha I, II yoki III guruh nogironligi berilgan holatda va o‘sha fuqaro vafot etganida to‘langan badal puli qaytarib beriladi.
EGIZAKLARNING MUDDATLI HARBIY XIZMATGA JALB ETILISHI...
Egizaklarni muddatli harbiy xizmatga jalb etish jarayonida avvalambor, ularning Tanlov kengashi tomonidan muddatli harbiy xizmatga tavsiya etilganligi, jismoniy holati hamda asosiysi, sog‘lig‘ining holati inobatga olinadi.
Agarda ularning biri Safarbarlik chaqiruvi rezervi, ikkinchisi muddatli harbiy xizmatga borishni xohlasa, yuqoridagi holatlar inobatga olingan holda tegishli qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, mutaxassisning ta’kidlashicha, bugungi kunda har bir viloyatning Mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida harbiy-texnika mutaxassisliklarini tayyorlash markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ularda o‘quv jarayonlari yilning 1-o‘quv davri – 15 martdan 30 iyungacha, 2-o‘quv davri – 5 iyuldan 20 oktyabrgacha va 3-o‘quv davri – 25 oktyabrdan 10 fevralgacha muddatlarida o‘tkaziladi.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA