Egiluvchan quvurlar suv sarfini kamaytiradi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ham Amudaryoning eng quyi qismida joylashgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ham Amudaryoning eng quyi qismida joylashgan. Hududda joriy yil suvning nisbatan kamligi inobatga olinib, suv resurslaridan tejamli va yana-da samarali foydalanish usullari qoʻllanilmoqda. Ulardan biri egatlab sugʻoriladigan ekinlarni koʻchma egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorishdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot kotibi Gʻayratjon Otajonovning bergan maʼlumotiga koʻra, gʻoʻzani egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorish usuli qoraqalpogʻistonlik fermerlar orasida yildan-yilga ommalashib bormoqda. Yaqinda Amudaryo tumanidagi “Amet Toʻrayev” fermer xoʻjaligida egiluvchan quvurlar yordamida gʻoʻza sugʻorishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.
Mazkur fermer xoʻjaligi rahbari Erkinboy Toʻrayev Amudaryo tumanida birinchilardan boʻlib ushbu usulni fermer xoʻjaligida qoʻllamoqda.
Yangi texnologiya asosida gʻoʻza sugʻorilsa, oʻsimlikkning suvga boʻlgan talabiga mos ravishda suv yetkazib beriladi. Dalalarga oʻqariq qazishga sarflanadigan resurslar tejaladi. Shuningdek, oʻqariqlarda filtrlanish va bugʻlanish orqali yoʻqotiladigan suvlar iqtisod qilinadi. Eng muhimi, hosildorlik miqdori va sifati oshadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, joriy yilda Amudaryo tumanidagi paxta maydonlarini sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalarning 3 ta usulini qoʻllash koʻzda tutilgan. Yaʼni, 74 gektar paxta maydonda tomchilatib sugʻorish, 140 gektar maydonda egiluvchan quvurlar yordamida va 40 gektar maydonni pulsar tizimida sugʻorish kabi tejamkor texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan.
Dunyoda suv resurslariga boʻlgan talab ortayotganligi bilan birga, suvning taqchilligi ham yildan yilga oshib bormoqda. 2000-yilgacha kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan boʻlsa, oxirgi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda. Ayniqsa, daryolarning quyi qismidagi hududlarga bu kabi suv taqchilligi koʻproq taʼsir qilib, ekinlarni sugʻorishda tejamkor texnologiyalarni qoʻllashga boʻlgan talabni oshirmoqda.