Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
EGASI BOR YURT yoxud bugunning saboqlari
10:37 / 2020-03-25

Karantin faqatgina himoyalanish emas, balki himoya ham qilishdir. Bunda ham bir hikmat bor…


Yurt boshiga sinov tushdi…Ogohlik va ehtiyotkorlik birinchi oʻringa chiqdi. Har bir kishining oʻz salomatligi uchun kurashishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etishi nafaqat oʻzi, balki oila aʼzolari, yaqinlari uchun ham qilgan yaxshiligiga aylandi. Bugun kishilarning tinchgina oʻz uyida oʻtirishi eng xayrli vazifa boʻldi.

Karantin faqatgina himoyalanish emas, balki himoya ham qilishdir. Bunda ham bir hikmat bor…

Otalar hamisha oʻz oilasini va farzandlarini, umuman, qoʻrgʻonini himoya qilishgan. Azaldan shunday. Oʻzbek otalari esa inchinun. El boshiga ish tushsa, er boshiga tushgani. Bunday paytda yurt otasi doim masʼuliyatni boʻyniga olgan va barchaga ishonch bergan. Hamma gap ana shu ishonch va oʻz vaqtida qoʻllangan choralarda…

Hayot esa davom etaveradi. Ayni damda kimlardir “Biz siz uchun ishdamiz, siz biz uchun uyda oʻtiring!” deb jonbozlik qilishmoqda. Aksariyat aholi uyda va turli oʻyda… Birovlar esa majbur – yoʻlda, koʻcha-koʻyda. Chunki yashash kerak.

Inson – xom sut emgan banda. Banda ekanmiz, baʼzan shukr qilishni unutib qoʻyamiz. Yashirib nima qildik, ishga borayotib, koʻchada avtobus besh daqiqaga yoki metro ikki daqiqaga kechiksa siqilib, kimlarnidir ayblagan vaqtlarimiz boʻlgan. Ammo 22-martdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti qatnovi vaqtincha toʻxtatildi. Koʻchaga chiqqan yoki chiqmoqchi boʻlgan kishi bu ishlardan siqilgani yoʻq, noligani ham yoʻq. Chunki barchasi xalqning salomatligi, oʻzini-oʻzi asrashi uchun. Barchamizni – xalqimizni Yaratganning oʻzi asrasin.

Eng katta boylik – tinchlik va sihat-salomatlik ekanligini bugun barchamiz toʻla anglab yetyapmiz. Mehr-oqibatlilik, yuksak insoniylik oʻzbekning qon-qoniga singib ketgan va bugun bu fazilatlar roʻy-rost namoyon boʻlmoqda.

Davlat oʻzining davlatliligini koʻrsatmoqda. Egasi bor yurt ekanligimiz, hayotimiz, taqdirimiz, ertamiz uchun qaygʻuradigan Yurtboshimiz, mutasaddilar borligi bizga taskin bermoqda. Barcha saʼy-harakatlar xalq uchun! Xalqning tinchligi va xotirjamligi uchun! Hokimliklar ham vaziyat barqarorligi uchun kurashmoqda. Bozorlarda narx-navoning oshib ketmasligi, aholi ehtiyoji uchun kerakli mahsulotlarning oʻz vaqtida boʻlishi, tanqislikning yuzaga kelmasligi uchun masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishmoqda.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi orqali namoyish etilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari, onlayn darslar, masʼullar bilan olib borilayotgan suhbatlar, muhim savollarga oʻz vaqtida berilayotgan javoblar barchasi yangi Oʻzbekistonning oʻz yoʻlini namoyon etmoqda.

Oʻz vaqtida qilinayotgan bunday xayrli ishlar, chora-tadbirlar, xalqparvarlik, insonparvarlik va xalq salomatligi va xotirjamligi yoʻlidagi jonbozlik uchun hukumat rahbarlariga, barcha mutasaddilarga, ayniqsa, tibbiyot xodimlariga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Xalqimizning boshi omon boʻlsin! Qatorimizdan birov kam boʻlmasin! Oʻzbekning mehr-oqibati oʻlmasin! Xalqimizni Yaratganning oʻzi asrasin!

Darvoqe, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu sinovli damlar yurtdoshlarimizning yana-da jipslashishi, bir fikrda boʻlishi va har bir narsaning qadriga yetishi kerakligini isbotlab bermoqda.

Sal yetishmovchilik boʻlsa noliydigan boʻldik, erta-indin hal etiladigan bir muammo ustidan yozib yoki telefon orqali videoga olib tarqatib yuborishni odat qildik. Besh daqiqa kechikib kelgan “Tez yordam” xodimi haqorat qilindi, hatto ularga qoʻl koʻtarildi. Shifoxonalarda bemorga qarashga ulgurmay qolgan vrachlar eʼtiborsizlikda, taʼmagirlikda ayblandi.Farzandimizga qattiq gapirgan, uy vazifasini bajarmagan yoki tartib-intizomga rioya qilmagan oʻquvchini tergagan oʻqituvchi baloga qoldi…

Negadir kamchilik axtarishga oʻrganib qoldik. “U yoqda unday, nega bu yoqda bunday?..” qabilidagi savollar chiqadigan boʻldi. Ammo oʻylab koʻrishga, fikr qilishga, baʼzan aybni oʻzimizdan ham axtarishga, boriga shukrona keltirishga koʻpam odatlanmadik. Orzularimiz sabab goho oʻzimizni qadrsiz qildik. Gohida jonimiz koʻzimizga koʻrinmay havoyiga oʻxshab qoldik…

Ammo bugun hammasidan koʻra, jonimiz shirin ekanligini anglab yetdik. Jonimiz, boshimiz omon boʻlmasa, barchasi bekor ekanligini tushundik. Axir davlatning, hukumatning, taʼbir joiz boʻlsa, har birimizning qilgan saʼy-harakatlarimiz oʻzimiz uchunligini fahmladik! Oʻzimiz kim? Shu millat farzandlari. Farzandlar esa – oilalar. Oilalar birlashib, mahallaga aylangan. Mahalla-qoʻrgʻonlar birlashib, sarhadlarimiz jipslashib mamlakat – yurt boʻlgan. Yurtning egasi, uning oʻz aytar soʻzi, borar yoʻli bor ekan, aslo xavotirga oʻrin qolmaydi. Faqat mehr-oqibat va ishonch boʻlsa bas!

Mehr-oqibatimiz ziyoda boʻlsin, aziz yurtdoshim! Oʻzingizni asrang, zero, oʻzini asraganni Tangri ham asraydi!

Xoliyor SAFAROV,
“Oʻzbekiston tarixi” telekanali katta muharriri.