Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Egalik huquqlari e’tirof etilmoqda
18:24 / 2025-04-18

Davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi va jamoatchilik e’tiboriga taqdim etildi.

Mazkur qonunda aholini uzoq yillar davomida qiynab kelayotgan uy-joy va yerga doir masalalari ijobiy yechim topishi ko‘zda tutilgan. Qonun 2024 yilning 8 noyabrdan kuchga kirdi va aynan shu kundan e’tiboran boshqa hududlar qatori Toshkent viloyatidagi mavjud 1 ming 28 ta mahallada reja-jadval asosida xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlandi. Unga Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi hamda hududiy filiallaridan jami 207 nafar mutaxassis jalb qilindi. 

– Qonunchilikka muvofiq, xatlov natijalari bo‘yicha har bir ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar “E’tirof” elektron axborot dasturiga kiritilishi, ular 18 ta vazirlik va idoralar tomonidan 2 oy ichida ko‘rib chiqilishi va jamoatchilikka e’lon qilishi belgilangan edi. Yakunida esa ijobiy xulosa berilgan ob’ektlarga nisbatan Xalq deputatlarining viloyat Kengashi sessiyasida ko‘rilib, egalik huquqlarini e’tirof etilishi yuzasidan qarorlar qabul qilinishi lozim. Xususan, Nurafshon shahrida bugun Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ham ko‘rilgan bir qator masalalar doirasida Oqqo‘rg‘onlik 9 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylariga va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etildi. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur fuqarolarga Ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etildi. Endilikda mazkur hujjat egalik huquqi uchun asos bo‘lib, kelgusida yashash joyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yish, meros va boshqa bir qator notarial hujjatlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ahrorov. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni paytda hududlarda xatlov ishlari davom etmoqda. Hozirgacha jami 23 ming 425 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, shundan 9 ming 587 ta ob’ekt ma’lumotlari “E’tirof” elektron axborot dasturiga kiritildi. Shundan 433 ta ob’ekt jamoatchilikka e’lon qilindi. 

A.Musayev, O‘zA