Efiopiya hukumati va Tigray isyonchilari mamlakatning shimoliy mintaqalarida ikki yildan buyon davom etayotgan jangovar harakatlarni to‘xtatishga kelishib oldi, deb yozmoqda Frans Press agentligi.
Xabarda ta’kidlanishicha, Efiopiya federal hukumati va isyonchilar Afrika ittifoqi shafe’ligida Janubiy Afrika Respublikasining poytaxti Pretoriyada muzokara olib borgan. Tomonlar o‘rtasidagi ilk yuzma-yuz muloqot 25 oktyabrda boshlangan edi.
"Efiopiya mojarosida tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida rasman kelishuvga erishdi", - deb bayonot berdi Afrika Ittifoqining emissari Olusegun Obasandjo. Uning qo‘shimcha qilishicha, kelishuv Efiopiyada yangi davr boshlanayotganidan darak beradi.
Efiopiya shimolida qurolli mojaro 2020 yil noyabrda boshlangan edi. O‘shanda mamlakat hukumati qariyb 30 yildan buyon Efiopiya siyosiy hayotida katta ta’sirga ega bo‘lib kelgan "Tigray xalq ozodlik fronti”ni harbiy bazaga hujum qilganlikda ayblab, ularga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlab yubordi. 2021 yil iyun oyida Tigray isyonchilari mazkur hududning ma’muriy markazi bo‘lgan Mekele shahrini egallab oldi. Hukumat esa o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi. Keyinroq tomonlar yana qurolli qarama-qarshilikni boshlab yubordi.
Keyingi yarashuvga 2022 yil martda erishilgan edi. Oradan besh oy o‘tgandan keyin avgust oyida harbiy harakatlar yana boshlanib ketdi.