Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Efiopiya Eritreyani urushga faol tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi
23:44 / 2025-10-08

Efiopiya Eritreyani muxolif partiya – Tigray xalq ozodlik fronti (TXOF) bilan til biriktirganlik va birgalikda urush boshlashga tayyorlanayotganlikda aybladi. Bu haqda Afikadagi ushbu mamlakat tashqi ishlar vazirining BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubiga tayanib, AFP yozgan.

– Eritreya hukumati va TXOF til biriktirgani so‘nggi oylarda yaqqol namoyon bo‘ldi, – deya iqtibos keltirilgan o‘sha murojaatdan. – Front radikal fraksiyasi va Eritreya hukumati Efiopiyaga qarshi urushga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shimoliy Efiopiyadagi mojaro 2020 yil noyabr oyida boshlangan. O‘shanda rasmiylar mamlakatda qariyb o‘ttiz yil hukmronlik qilgan TXOFni harbiy bazaga hujum qilishda ayblab, Tigrayda amaliyot boshlagan edi. 2021 yil iyunda Tigray isyonchilari mintaqaviy poytaxt Mekelleni egallab oldi va o‘t ochish so‘zsiz to‘xtatilishini e’lon qildi. Keyinchalik ular hujumni davom ettirib, Tigrayning bir qismi ustidan nazorat o‘rnatdi va Amxara hududiga bostirib kirdi.

Efiopiya hukumati va isyonkor Tigray mintaqasi o‘rtasidagi tinchlik muzokarasi 2022 yil oktyabr oyida Janubiy Afrikaning Pretoriya shahrida boshlangan. Noyabr boshida o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan.

Eritreya 30 yillik qurolli to‘qnashuvdan so‘ng 1993 yil 24 mayda Efiopiyadan mustaqillikka erishgan. 1998-2000 yillari Addis-Abeba va Asmara o‘rtasida bahsli chegara hududini nazoratga olish uchun qurolli mojaro kelib chiqdi. Tinchlik shartnomasi shartiga ko‘ra, ish xalqaro arbitrajga topshirilgan. Natijada hudud taxminan teng taqsimlangan. Xalqaro kuzatuvchilar hisob-kitobiga ko‘ra, mojaroda har ikki tomondan 300 000 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Tigraylar Semit xalqi bo‘lib, Eritreya aholisining qariyb yarmi va Efiopiya shimolidagi Tigray mintaqasi aholisining 95 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ushbu etnik guruh soni diasporani hisobga olgan holda 9-11 million.

S.Rahimov, O‘zA