Bugun Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan C5+1 formatidagi uchrashuv doirasida AQSHdagi Kaspiy siyosati Markazi ijrochi direktori va boshqaruv a’zosi Efgan Nifti ikki tomonlama munosabatlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Biz O‘zbekiston va mamlakatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyevni Qo‘shma Shtatlar uchun muhim hamkor sifatida ko‘ramiz. Markaziy Osiyoning eng yirik davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan beqiyos ahamiyatga ega. Yurtingizda xorijiy investorlar uchun juda keng imkoniyatlar yaratilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Bir necha kun oldin Qo‘shma Shtatlar nufuzli delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Demak, o‘zaro munosabatlarimiz yanada yuksalishiga ishonch kuchli.
Prezident Mirziyoyev rahbarligi davrida “Yangi O‘zbekiston fenomeni” tushunchasi paydo bo‘ldi. Ayni jarayonda mamlakatning yangi qiyofasi shakllandi, jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqei mustahkamlanmoqda. Respublika xalqaro maydondagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda muntazam va faol ishtirok etib, o‘ta dolzarb masalalar bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston yetakchisi yaxshi qo‘shnichilik siyosatini ilgari surishi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida yaqin munosabatlar o‘rnatildi, mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar bilan bog‘liq ko‘p yillik nizolar bartaraf qilindi.
Shu bilan birga mintaqada ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani guvohmiz. Biznes sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani, mintaqadagi tadbirkorlik muhiti yaxshilanayotganini ko‘ryapmiz. Eng muhimi, fuqarolar ijtimoiy farovonligi ta’minlamoqda.
O‘zbekiston qonunchiligida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan ham xabarim bor. Bunday islohotlar O‘zbekistonni dunyo uchun yanada jozibador qilishiga shubha yo‘q.
Yaqinda O‘zbekistonning eng diqqatga sazovor manzillariga erkin borilishini ta’minlash maqsadida AQSH fuqarolari uchun vizani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Ishonchim komilki, Qo‘shma Shtatlar fuqarolarining ajoyib mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilishga qiziqishi ortib boradi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA