Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Zakovat” intellektual turnirining viloyat saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat” intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan musobaqada 20 jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
– Bellashuvda ko‘ngillilar, uyushmagan yoshlar, tashkilot, korxona, ta’lim muassasalari xodimlari, o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilaridan tashkil topgan jamoalar faol ishtirok etdi, – deydi “Zakovat intellektual klubi” NNT Andijon viloyati koordinatori o‘rinbosari Nurbek Abduvohidov. – Ishtirokchi jamoalar belgilangan shartlar doirasida o‘zlarining bilim va salohiyatini namoyish etdi.
[gallery-10825]
Bellashuvning yakuniy natijalariga ko‘ra, berilgan savollarga eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan “Efemerida” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin “To‘maris” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa “Renessans qizlari” jamoasiga nasib etdi.
Ushbu jamoalar intellektual turnirning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– “Zakovat” turnirida qatnashib o‘z bilimlarimizni sinovdan o‘tkazdik, – deydi bellashuv ishtirokchisi, Marhamat tumanidagi 16- umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Cho‘lponoy To‘laboyeva. – Qolaversa, turnir bizga kuch, motivatsiya berdi, ko‘plab do‘stlar orttirdik, ular bilan fiklashish, tajriba almashish imkonini berdi.
G‘olib va sovrindorlar turnir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA