O‘zbekiston Madaniyati va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Scala Arts & Heritage Publishers (Buyuk Britaniya) nashriyoti bilan hamkorlikda taniqli olim, arxeolog Edvard Rtveladzening “Markaziy Osiyo tamadduni, davlatlari va madaniyatlari” nomli kitobining yangi nashri ingliz, fransuz va yapon tillarida chop etildi.
O‘zbekiston Madaniyati va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berishicha, kitobda qadim zamonlardan to ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan mintaqamiz va qo‘shni davlatlarning boy tarixi bayon etilgan.
Mazkur asar keng qamrovli tadqiqot va jonli tavsifni ifodalaydi hamda Edvard Vasilevich Rtveladzening butun hayoti davomidagi mashaqqatli ilmiy ishi natijasi hisoblanadi deyish mumkin.
Bilim va ma’lumotlar majmuasini umumlashtirgan, tahlil qilgan va ommalashtirgan holda E.Rtveladze keng jamoatchilikka Markaziy Osiyoning boy tarixi bilan tanishish imkonini taqdim etdi.
Olimning ushbu asari ushbu yo‘nalishda tadqiqot olib borish va Parijdagi Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli O‘zbekiston ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rishda muhim rol o‘ynadi.
N.Usmonova, O‘zA