English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Eco Expo Central Asia 2025": o‘rmonchilarning loyihalari e’tibor markazida
15:50 / 2025-06-20

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi davom etmoqda.

19–21 iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur nufuzli tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan ekologiya va o‘rmonchilik sohasi bo‘yicha yetakchi ekspertlar, kompaniyalar, startap loyihalar hamda tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Ular ekotexnologiyalar, iqlim barqarorligi va yashil transformatsiya yo‘nalishlaridagi eng ilg‘or yutuq va yechimlarini namoyish qilmoqda.

Ko‘rgazmada vazirlik huzuridagi tashkilotlar tomonidan maxsus pavilonlar tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali O‘zbekistonda ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsion yondashuvlar keng yoritilmoqda.

Xususan, "CAEx Uzbekistan" majmuasida joylashgan "Yashil makon" pavilonida O‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etilmoqda. Bu yerda mamlakatimizdagi o‘rmon maydonlarini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish, noyob o‘simliklar va ko‘chatlar yetishtirish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar aks ettirilgan. Tashrif buyuruvchilar o‘rmonchilarning mehr bilan parvarish qilgan nihol va ko‘chatlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.

O‘rmonlar tabiatning "o‘pkasi" sifatida inson hayoti, iqlim barqarorligi, suv zaxiralarining muvozanati hamda butun ekotizim barqarorligida muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham yurtimizda o‘rmonlar hududini kengaytirish va ularni asrash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2024–2026 yillar davomida o‘rmon xo‘jaliklarini texnik jihatdan kuchaytirish uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilmoqda. Joriy yilda 88 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi – 15 ta traktor, 55 ta kultivator, 13 ta ekskavator va 5 ta suv tashuvchi avtomashina xarid qilindi. Bundan tashqari, 2025 yilda o‘rmon fondi yerlarida umumiy qiymati 12 milliard 800 million so‘mlik 27 ta sug‘orish qudug‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda ulardan 12 tasida qurilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan.

"Eco Expo Central Asia 2025" o‘z ishini davom ettirmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA