Ekologik texnologiyalar ko‘rgazmalari atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga qaratilgan ilmiy, texnik hamda innovatsion yutuqlarni ommaga taqdim etish uchun muhim maydon sanaladi.
Poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Qayd etish lozimki, “Eco Expo Central Asia 2025” O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan va Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik ko‘rgazma bo‘lib, 30 dan ortiq mamlakatdan 3000 nafardan ziyod ishtirokchini birlashtirdi. Ko‘rgazmada ilg‘or “yashil” texnologiyalar, chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energetika sohalaridagi eng yaxshi yechimlar namoyish qilinmoqda.

—Bugungi ko‘rgazma bu — shunchaki texnologiyalar namoyishi emas, balki mintaqalar, tarmoqlar va davlatlar o‘rtasidagi chuqur hamkorlik uchun boshlang‘ich nuqtadir, — deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ekologik texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha mintaqaviy platformaga aylanishga tayyor. Global ekologik chaqiriqlar tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etmoqda. “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasi yangi yondashuvlar shakllanadigan, iqlim va ekologik muammolar yechimi izlanadigan muhim maydonga aylanishiga umidvormiz.


Ko‘rgazma davomida energiyani tejaydigan, chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan, suv va havoni tozalaydigan zamonaviy uskunalar namoyish etiladi. Bu tadbirlar orqali turli mamlakatlar va kompaniyalar o‘zining ekologik innovatsiyalarini taqdim etadi.
Tadbir davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA