“CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi davom etmoqda.
Mintaqada ilk bor o‘tkazilayotgan bu keng ko‘lamli tadbir 30 dan ortiq davlatni birlashtirib, ko‘rgazma maydonini ilg‘or amaliyotlar bilan o‘rtoqlashish, konstruktiv muloqot olib borish va “yashil” transformatsiyani ilgari surish bo‘yicha yetakchi platformaga aylantiradi.

“Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasida Davlat ekologik ekspertizasining paviloni tashkil etilgan. Mazkur pavilonda Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida sanoat korxonalari uchun qo‘yilgan asosiy ekologik talabalar hisoblangan chang-gaz tozalash va lokal oqova suv tozalash uskunalari, atmosfera havosini ifloslantiruvchi doimiy manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik stansiyalar hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”larning yangi texnologik maketlari namoyish etilmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev Davlat ekologik ekspertizasi markazi paviloniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida u markazning ko‘rgazma pavilyoni bilan yaqindan tanishib, ekologik ekspertiza jarayonlari, ilg‘or texnologiyalar va barqarorlikka qaratilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot oldi.
Uchrashuv chog‘ida ekologik xavfsizlik, xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi bo‘yicha fikr almashildi. Ekologik ekspertiza — loyiha va faoliyatlar inson sog‘lig‘i va atrof-muhitga ta’sirini baholash jarayoni ekanligi, u orqali tabiiy resurslarni muhofaza qilish, ifloslanishning oldini olish va barqaror rivojlanish ta’minlash mumkinligi qayd etildi.
Ta’kidlash lozimki, bunday tashriflar ekologik sohadagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA