Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“E-XSUD”: ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar elektron yuboriladi
09:57 / 2022-08-04

Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish hamda o‘simliklar karantini ob’ektlariga qarshi kurashishga doir qoidalarni buzishga oid ishlarni sudda ko‘rib chiqish amaliyoti, mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil qilindi.

So‘nggi yillarda avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan bog‘liq qator qonun normalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, o‘simliklar karantini ob’ektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini (choralarini) hamda boshqa qoidalarni buzish bilan bog‘liq ishlar soni oshmoqda.

Seminarda sudlarda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish statistikasi hamda amaliyotda mavjud muammolar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

– O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1763-moddasida avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa - o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi qayd etilgan, – dedi viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdumannon Shaydoyev. – Shuningdek, ushbu Kodeksning 107-moddasi 1-qismiga ko‘ra, o‘simliklar karantini ob’ektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablari, boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilish va yo‘q qilish chog‘ida buzish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Seminarda surishtiruv organi tomonidan mazkur toifadagi ishlar yuzasidan ma’muriy materiallarni rasmiylashtirish, huquqbuzarlarning harakatlarini malakalash, ishlarni belgilangan tartibda va muddatlarda sudga taqdim etish, ularni sudda ko‘rib chiqish tartibi, amaliyotda mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir so‘ngida surishtiruv organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni respublika sud tizimida joriy etilgan “E-XSUD” elektron axborot dasturi orqali elektron tartibda yuborilishi, sudlar ishlarini taraflar ishtirokida ushbu elektron tarzda ilova qilingan hujjatlar asosida ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA