Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E-VOTE: Korporativ boshqaruvda masofaviy format ommalashmoqda
18:32 / 2026-02-11

Bugungi kunda raqamlashtirish jarayonlari iqtisodiyotning barcha jabhalariga, xususan, korporativ boshqaruv tizimiga ham shiddat bilan kirib bormoqda.

Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysining “E-VOTE — Elektron ovoz berish” platformasi ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, 2025 yil yakunlari korporativ sektorda raqamli ishonch yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil davomida jami 19 ta yirik aksiyadorlik jamiyati o‘z korporativ tadbirlarini Markaziy depozitariyning raqamli infratuzilmasiga ishonib topshirdi. Jami o‘tkazilgan 49 ta umumiy yig‘ilishning salmoqli qismi, ya’ni 31 tasi navbatdan tashqari yig‘ilishlar hissasiga to‘g‘ri kelishi kompaniyalarning tezkor va strategik qarorlarni qabul qilishda aynan E-VOTE platformasiga tayanayotganidan dalolat beradi.  

Mazkur jarayonlar nafaqat emitentlar, balki investorlar uchun ham qulaylik yaratib, yig‘ilishlarda ishtirok etish geografiyasini kengaytirdi. 2025 yilda platforma orqali jami 822 nafar aksiyador o‘z huquqlaridan foydalangan holda masofaviy ovoz berdi. Ularning 324 nafari yillik, 498 nafari esa navbatdan tashqari yig‘ilishlarda qatnashgani aksiyadorlarning jamiyat boshqaruvidagi faolligi ortganini tasdiqlaydi.

Bugungi kunda E-VOTE nafaqat oddiy ovoz berish vositasi, balki korporativ munosabatlar uchun keng qamrovli raqamli ekotizimga aylangan.

Platforma aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy yig‘ilishlaridan tashqari, Kuzatuv kengashlari majlislarini hamda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ta’sischilarining yig‘ilishlarini masofaviy formatda, huquqiy jihatdan mukammal tarzda o‘tkazish imkonini beradi.  

Tizimning OneID (Yagona identifikatsiya tizimi) bilan integratsiya qilingani har bir ishtirokchining shaxsini ishonchli tasdiqlashda va ovoz berish natijalarining daxlsizligini ta’minlashda yuqori xavfsizlik darajasini kafolatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy depozitariy korporativ tadbirlarni onlayn formatga o‘tkazish va bozor infratuzilmasini modernizatsiya qilish maqsadida ushbu xizmatni 2020 yilda joriy etgan edi. O‘sha paytdagi innovatsion qadam bugun mamlakatimiz kapital bozorida korporativ boshqaruvning ajralmas va standart vositasiga aylandi.

E-VOTE platformasining ommalashishi vaqtni tejash, tashkiliy xarajatlarni qisqartirish hamda korporativ boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi strategik yutuqdir. Markaziy depozitariy kelgusida ham moliya bozorini raqamlashtirish va investorlar uchun innovatsion yechimlarni taqdim etishda davom etadi.

Hamroz Bayanov, O‘zA