French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“E-huquqshunos” – yuridik xizmat ko‘rsatish elektron tizimi keng joriy etiladi
11:44 / 2022-03-29

Barcha tuman va shaharlarda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi. Tizimda o‘tgan 6 oy davomida murakkab huquqiy muammolarni kollegial tarzda hal qilish, tezkor va sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.

Tashkilot yuristlarini ish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish holatlariga barham berildi. Qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishning yangi bo‘g‘ini ishga tushdi.  

Davlat organlarining 550 mingdan ortiq buyruq va 150 mingdan ziyod shartnomalar loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 7 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirilishi yuzasidan da’volar qanoatlantirildi. 

Bu haqda Adliya vazirligida Prezidentimizning “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilish maqsadi va sohada kutilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.  

Qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, 2022 yil 1 avgustdan boshlab markazlar tomonidan yuridik xizmati mavjud bo‘lmagan davlat tashkilotlarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi.  

Tumanlardagi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniy meros, sportni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar, davlat soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari shular jumlasidandir.  

Bunda, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarni “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulash va xizmat ko‘rsatish bepul asosda amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga 2022 yil 1 mayga qadar “E-huquqshunos” elektron tizimida ish yuritish bo‘yicha texnik va huquqiy savollarga javob berilishini ta’minlaydigan “Call-markaz” tashkil etish topshirilmoqda. 

Qarorning qabul qilinishi yuridik xizmati mavjud bo‘lmagan tuman (shahar) darajasidagi davlat tashkilotlarining faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash hamda qog‘ozbozlik va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi. 

Yuridik xizmat joriy etiladigan 19 ming 132  tashkilot “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulanadi. Shu orqali yuridik yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 1 yil davomida o‘rtacha 10 million donaga yaqin qog‘oz yoki 580 million so‘m tejalishiga erishiladi. 770 mingdan ortiq xodimning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligi oshirilishiga erishiladi. 

O‘z vaqtida va malakali yuridik xizmat ko‘rsatish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini bir xilda amalga oshiriladi. Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar ish yurituvi raqamlashtiriladi.  

Aholiga va davlat organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishning yangi bo‘g‘ini yaratiladi. Mehnatga oid va boshqa hujjatlarni orqa sana bilan qabul qilishning yoki buyruqlar kechiktirib qabul qilishning oldini olinadi. 

Xo‘jalik shartnomalari loyihalarini davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilishi ta’minlanadi.

Vazirlik rahbariyati, tarkibiy bo‘linma va hududiy adliya organlari rahbarlari, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mavzu yuzasidan berilgan savollarga javob qaytarildi.  

N.Abduraimova,  O‘zA