Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“E-auksion”da yutganlar aybdormi? (+video)
11:15 / 2023-05-18

Keyingi vaqtlarda davlat aktivlarini onlayn auksion orqali sotish ham ko‘payib qoldi. Bu o‘z-o‘zidan mamlakat aholisi manfaatlari uchun ko‘pgina qulayliklar yaratayotgan bo‘lsa, ayrim fuqarolar nazdida esa ba’zi tushunmovchilik holatlarini keltirib chiqarmoqdaki, natijada mulohazaga undovchi savollar yuzaga kelmoqda.

Yaqinda O‘zAga Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, “Istiqlol” mahallasida yashovchi fuqaro Sheryor O‘ktamovdan “E-auksion” elektron savdo platformasi bilan bog‘liq murojaat xati kelib tushgan edi.

Unda aytilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudi tomonidan “E-auksion” orqali xarid qilingan maxsus texnikani noqonuniy xarid etilgan deya uni asossiz ayblayotgani va sud majlisida na prokuratura, na MIB, na Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi xodimlari ishtirok etayotganligi bayon qilingan.

Holatni o‘rganib, mavzuga aloqador tegishli tashkilotlarga bog‘landik va soha mutaxassislaridan mazkur vaziyat bo‘yicha izoh so‘radik.

Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, auksion yoki tanlov g‘olibi to‘lovlarni o‘zining shaxsiy kabinetidan to‘lash tugmasini bosish orqali amalga oshiradi. Agar g‘olib tomonidan shaxsiy kabinetida yetarli mablag‘ mavjud bo‘la turib, to‘lash tugmasi bosilmasa va to‘lash muddati o‘tgan bo‘lsa, g‘olibning zakalat miqdori qaytarilmaydi hamda u ob’ekt qiymatini (operator xizmat haqini) belgilangan muddatda to‘lamagan deb topiladi.

Yana bir gap: onlayn auksionda qatnashib, mulkni yutib olganingiz va unga to‘liq pul to‘laganingiz, sizni bu mulkka hech qanday e’tirozlarsiz to‘liq egalik qilishingizni anglatmaydi. Ayniqsa o‘sha mulk ijro hujjatlari asosida auksionga chiqarilgan bo‘lsa.

To‘g‘risini aytish kerak, aholi murojaatlarida onlayn auksionni uyushtirayotgan va uni tashkillashtirayotgan platformaga e’tirozlar kamroq bo‘ladi. Ko‘pgina e’tirozlar auksionga mulkni chiqarganlar va undan keyingi xatti-harakatlarga nisbatan bo‘ladi.

“E-auksion” elektron savdo platformasida ishtirokchilarga elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hujjatda nizolarni hal qilish tartibi quyidagicha keltirilgan: “Shartnomani bajarish bilan bog‘liq barcha tortishuv va kelishmovchiliklar taraflar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq da’volar tartibida va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda sudda ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq hal qilinadi.”

Huquqini bilgan hamyonidan ayrilmas deganlaridek, mazkur holat bo‘yicha sud ishi qayta ko‘rib chiqildi va yakuniy xulosaga asosan fuqaro Sheryor O‘ktamov foydasiga hal etildi.

Endi fuqarolarimiz o‘rtasida mana shunday muammoli holatlar yuzaga kelganda, narx-navo manipulyatsiyasi va suiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, huquqiy demokratik davlatda qonun ustuvor ekanligini, har bir inson o‘z haq-huquqini bilishi va talab qila olishi muhim ekanligini yoddan chiqarmasligimiz zarur.

<iframe width="1237" height="696" src="https://www.youtube.com/embed/Oq4IvNE14-U" title="“E-auksion”da yutganlar aybdormi? (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA