Davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi izchil ta’minlanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan qaror ijrosi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan e-anticor.uz elektron platformasiga yuborilgan ma’lumotlar asosida tashkilot funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholandi.
Baholash natijasida vazirlik faoliyatidagi 75 funksiyaning 10 tasida xavf-xatar darajasi «yuqori», 31 tasida «o‘rta», 34 tasida «past» darajada ekanligi aniqlandi.

Funksiyalar ichida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni doimiy asosda o‘rganish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilishda, shuningdek, ulardan samarali foydalanishda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarga ko‘maklashish, davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy forumlar, boshqa xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy tadbirlarni kelishish kabilar mavjud.
Hozirda vazirlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dastur asosida mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilganligi yoki aksincha qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayon (funksiya)lar va funksiyalarni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga signal beruvchi omil sanaladi.
Infografikada vazirlikning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori funksiyalari aks etgan.
N.Abduraimova, O‘zA