Dzyudochilarimiz Yevropa kubogining ilk kunida 4 ta medal jamg‘ardi
Chexiyaning Praga shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Prague Junior European Cup – 2025” musobaqasi vakillarimiz uchun omadli o‘tmoqda.
Dunyoning 32 davlatidan 428 nafar dzyudochi ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqaning birinchi kungi bahslarida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 2 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Jumladan, -66 kg. vazn toifasida Dilshodbek Hamroyev finalda ukrainalik Nazar Viskovni mag‘lub etgan bo‘lsa, +78 kg. vazndagi dzyudochimiz Umida Nig‘matova so‘nggi hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Xikaru Yamaguchidan ustun keldi. Shuningdek, Samariddin Qo‘chqorov hamda Sarvinoz Husanova o‘z vaznlarida bronza medaliga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA