Sloveniya poytaxti Lyublyana shahrida dzyudo bo‘yicha Yevropa Kubogi o‘tkazilmoqda.
Quvonarlisi, musobaqaning birinchi kungi bellashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Aleksey Budolin bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 2 ta oltin va 1 ta bronza medaliga ega chiqdi. Jumladan, Samariddin Qo‘chqorov (-60 kg.) va Dilshod Hamroyev (-66 kg.) o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Elbek Tojiyev (-73 kg.) bronza medal bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, terma jamoamiz medallar jamg‘arish bo‘yicha yetakchiga aylandi. Kuchli uchlikka Sloveniya va Vengriya terma jamoalari kirdi. Keyingi pog‘onalarda Italiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Qozog‘iston, Serbiya va Turkiya delegatsiyalari bor.
Ma’lumot uchun, nufuzli Yevropa Kubogida dunyoning 44 davlatidan kelgan 500 nafarga yaqin dzyudochi medallar va jahon reytingi uchun beriladigan qimmatli ochkolar uchun bahs olib bormoqda. Musobaqa bugun, 15-fevral kuni o‘z yakuniga yetadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA