French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudochilarimiz xalqaro mashg‘ulotda qatnashmoqda
10:13 / 2025-01-14

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibi Avstriyaning Mitterzil shahrida eng katta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashayotgan bo‘lsa, qolgan dzyudochilarimiz Toshkentda Qozog‘iston terma jamoasi bilan hamkorlikda o‘tayotgan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi zalida o‘tayotgan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini O‘zbekiston-Qozog‘iston terma jamoalari uchun 2025 yilning birinchi choragidan o‘rin olgan musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.  

Avstriyaning Mitterzil shahrida joylashgan Olimpiya mashg‘ulot lageridagi yig‘inda terma jamoamizning 16 nafar a’zosi 44 ta davlatning 800 nafardan ziyod dzyudochilari ishtirokida o‘tayotgan yilning eng yirik xalqaro mashg‘ulotida qatnashmoqda.  

Yuzdan ortiq jahon va qit’a chempionlari, Olimpiya o‘yinlarining sovrindorlari jam bo‘lgan Avstriya mashg‘ulotida tajribali dzyudochilarimizdan Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov, Shahram Ahadov, Obidxon No‘monov, Halimajon Qurbonova, Diyora Keldiyorova, Shukurjon Aminova, Irisxon Qurbonboyevalar qatorida iqtidorli yoshlarimiz ham mashg‘ulotlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazayotgani e’tiborli.  

Avstriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ivonn Snir-Byonishning ta’kidlashicha, yaqin besh yil oralig‘idagi hech bir xalqaro mashg‘ulot yoki chempionat, hattoki Olimpiya o‘yinlari ham bu qadar ko‘p va nomdor dzyudochilarni bir joyga jamlay olmagan.  

Joriy yil 15 yanvarga qadar davom etadigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini jahon dzyudo terma jamoalari uchun joriy yil 1-2 fevral kunlari Parijda o‘tadigan “Paris Grand Slam” turniri, 14-16 fevral kunlari Boku shahri qabul qiladigan “Baku Grand Slam 2025” turniri va 28 fevral-2 mart kunlari Toshkent shahri mezbonligidagi “Tashkent Grand Slam 2025” musobaqalariga tayyorgarlik vazifasini o‘tashi bilan ahamayatli hisoblanadi.  

T.Ro‘ziyev,

O‘zA