Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida yakunlangan jahon chempionatining yakkalik bahslarida 93 ta mamlakat milliy terma jamoalari orasida 35 tasining sportchilari jahon reytingi ballariga ega bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2 nafar a’zosi ham bor.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatini medalsiz yakunladi. Bundan yetti yil muqaddam o‘tgan jahon chempionatida dzyudochilarimizning natijasida shunday holat kuzatilgandi. Bu eng avvalo, avlodlar almashinuvi, terma jamoada yangi murabbiylar shtabi ish boshlaganligi bilan bog‘liqligini aytgan holda bu borada murabbiy-mutaxassislar kerakli xulosalarni chiqaradi, degan umiddamiz.
Bugun, 20 iyun kuni aralash jamoaviy bellashuvlarda 16 ta milliy terma jamoa jahon chempionligi uchun kurashga kirishadi.
Mamlakatimiz vakillari ilk bellashuvni Turkmaniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Yakkalik natijalarga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 6 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza medallari bilan umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev. O‘zA