Dzyudochilarimiz jahon chempionati shohsupasida
Peru poytaxti Lima shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionati yakkalik bahslarining so‘nggi kunida og‘ir vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Unda Umida Nig‘matova (+78 kg) finalga qadar o‘tgan bahslarda barcha raqiblarini taslim etib, kumush medalga ega chiqdi.
Vazni -100 kg. bo‘lgan dzyudochimiz Muhammadali Zoirov bronza medali uchun kechgan bellashuvda qozog‘istonlik Asqar Birjanovni sof ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Alisher Samanov esa -90 kg vaznda bronza medali uchun o‘tgan bahsda moldovalik Vadim Gimbovchini taslim etdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 oktyabr kuni jahon chempionatining aralash jamoaviy bellashuvlari start oladi. Unda 12 ta terma jamoa bahslarga kirishadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA