English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudochilarimiz Bokuda "Parij-2024" ochkolari uchun kurashmoqda
10:13 / 2022-11-04

Bugun, 4 noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Gaydar Aliyev nomidagi sport majmuasida 60 dan ziyod davlatning 370 nafarga yaqin dzyudochilari ishtirokida "Katta dubulg‘a" turkumidagi navbatdagi xalqaro musobaqa boshlanadi.

"Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan mazkur musobaqaga qur’a tashlash marosimi tashkil etildi. Uning natijalariga ko‘ra, ilk kungi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining 8 nafar a’zosi medallar uchun tatamiga chiqadi. 

60 kilogramm vaznda Dilshod Baratov qozog‘istonlik Baurjan Narbayev bilan bahslashsa, xuddi shu vazndagi sportchimiz Kemran Nurillayev Muhammad Mahmadizoda(Tojikiston)/Bekirbek Morgoyev(Ukraina) juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi. 

Shuningdek, 66 kilo og‘irlikda Azizbek Ortiqov turkiyalik Muhammed Demirel, Muxriddin Tilovov ispaniyalik Alberto Martin qarshiligini yengib o‘tishga harakat qilsa, 52 kg.da Diyora Keldiyorova Binta Ndiaye (Shveysariya)/Gultaj Mammadaliyeva (Ozarbayjon) g‘olibiga qarshi, 57 kg.da Nilufar Ermaganbetova vengriyalik Kitti Kovash bilan ro‘baro‘ keladi. 

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 154 ming yevro bo‘lgan turnir 6 noyabrga qadar davom etadi. Ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizning 19 nafar dzyudochisi ishtirok etmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA