Bugun, 19 yanvar kuni 11 nafar dzyudochidan iborat O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida tashkil etiladigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi.
Kecha mazkur xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini oldidan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov murabbiy va dzyudochilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida 2026 yilgi mas’uliyatli musobaqalardagi natijalar tayyorgarlikka bog‘liq ekani, o‘tgan yilgi sport mavsumida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi ta’kidlandi.

Suhbat jarayonida murabbiy va sportchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Uchrashuvda o‘zbek dzyudosi afsonasi, uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov ishtirok etib, yaratilgan sharoitlarga munosib bo‘lish lozimligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonda 31 yanvarga qadar davom etadigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida bir qator davlatlarning milliy terma jamoalari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA