Peru poytaxti Lima shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
Dunyoning 65 davlatidan 460 nafardan ziyod mahoratli dzyudochi yoshlar qatnashayotgan chempionatning ilk kunida o‘g‘il bolalar -60, -66, qizlar o‘rtasida -48, -52 va -57 kg. vazn toifalarida g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi.

Murosasiz bellashuvlar natijasida ikki nafar sportchimiz sovrinli o‘rinlarga egalik qildi.
Terma jamoamiz a’zosi Laziza Haydarova -48 kilogramm va Camariddin Qo‘chqorov -60 kilo og‘irlikda jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan Haydarova bronza medali yo‘lidagi bellashuvda ekvadorlik Laura Vaskesni, Qo‘chqorov esa asli rossiyalik, hozirda Bahrayn sharafini himoya qilayotgan Ruslan Poltoratskiyni mag‘lubiyatga uchratdi.
Bugun, 6 oktyabr kuni jahon chempionatining ikkinchi kunida o‘g‘il bolalar -73 va -81 kilogrammda, qizlar -63 hamda -70 kilogrammda g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Terma jamoamiz a’zolaridan Muxriddin Ma’rupov va Inoyat Telmanov -73 kg.da, Samariddin Muhibiddinov -81 kg.da, Nigina Saparboyeva -63 kg.da, Xurshida Razzoqberdiyeva -70 kg.da o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 16 nafar a’zosi ishtirok etmoqda.
Chempionat 8 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA