Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidagi yilning ilk nufuzli musobaqasi – “Sofia European Open” bahslari O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Beshta qit’aning 39 davlatidan 385 nafar dzyudochi ishtirokida turnirning sovrinli o‘rinlari hamda xalqaro reyting ochkolari uchun kechgan shiddatli bellashuvlarda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.

148 nafar dzyudochi qizlar o‘rtasida 7 ta vazndagi kurashlarda terma jamoamizning 12 nafar a’zosi ishtirok etdi.
Ikki kunlik turnir yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolaridan Laziza Haydarova -48 kilogrammda kumush, 52 kilogrammda Sita Qadamboyeva va -63 kilogrammda Marjona Nurulloyeva bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Yosh dzyudochi qizimiz Laziza Haydarova saralash bellashuvlarida AQSH, Ispaniya, Kosovo terma jamoasi a’zolarini mag‘lub etdi. Finalda esa yaponiyalik Rin Xatayamaga kichik hisobda yo‘l berib, 2-o‘rin bilan kifoyalandi.
Sita Qadamboyeva bronza medali yo‘lida Turkiya, Kosovo vakillarini, Marjona Nurulloyeva esa Xorvatiya, Bolgariya va Fransiya terma jamoasi a’zolarini dog‘da qoldirdi.

Shuningdek, mazkur turnirda terma jamoamiz a’zolaridan Ulbusin Hakimova, Sevinch Murodova, Fotimaxon Tursunboyeva, Muhayyo Ahmatova, Xurshida Razzoqberdiyeva o‘z vazn toifalarida 5-7-qatorlardan joy egallash asnosida muhim reyting ochkolarini jamg‘ardi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA