Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: Yevropa chempionatida yosh sportchilarimizning o‘z o‘rni bor
10:49 / 2022-03-24

Kecha, 23 mart kuni Ozarbayjonning Gyoygyol shahrida 2005-2007 yillarda tavallud topgan yosh dzyudochilar o‘rtasidagi Yevropa ochiq chempionati bahslari boshlandi.

AQSH, Rossiya, Ukraina, Italiya, Fransiya, Belgiya, Chexiya, Xorvatiya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Niderlandiya kabi qirqdan ziyod davlat vakillari ishtirok etayotgan mazkur musobaqada yosh murabbiy O‘lmas Gulliyev murabbiyligidagi 7 nafar umidli sportchilarimiz medallar uchun kurash olib bormoqda. 



Kecha kun mobaynida o‘tgan murosasiz bahslar natijasida 50 kg. vazn toifasida Zafarbek O‘ktamov hamda 60 kg. vaznda Sarvarbek Abdualimov bronza medaliga musharraf bo‘ldi.  

Har ikki sportchimizning sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritish yo‘lida 5-6 tadan raqib bilan kurashib, shohsupaga ko‘tarilganligi nazarda tutilsa, iqtidorli sportchilarimiz tom ma’noda matonat va shiddat ko‘rsatganligini anglash mumkin.  

Bugun, 24 mart chempionatning so‘nggi kunida 3 nafar yosh dzyudochimiz bahslarga kirishadi. 66 kg.da Inom Bahodirov, 73 kg.da Muhammadumar Hayitov hamda 81 kg. og‘irlikda Behruz Husenov Yevropa ochiq chempionatining medallarini qo‘lga kiritish uchun tatamiga chiqadi. 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA