Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: Toshkent bellashuvlari shiddati dunyoga yoyilmoqda (+video)
20:21 / 2024-03-01

Bahorning ilk kunini jahon dzyudosining yetakchilari “Katta dubulg‘a” turniri bilan Toshkentda qarshi olayotgani, yer kurrasining turli burchaklaridagi ming-minglab sport ishqibozlari nigohini yurtimizga qaratgani o‘ziga xos voqea bo‘ldi.

68  mamlakatning 500 ga yaqin mahoratli dzyudochilari “Katta dubulg‘a” turniri bahslari orqali "Parij-2024" Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritish uchun bellashuvlarda ishtirok etmoqda. 

Bugun, 1-mart kuni o‘tkazilgan bellashuvlarda ayollar 46, 52, 57 kilogrammda, erkaklar 60 va 66 kilogrammda g‘oliblik uchun kurash olib bordi. 

Shiddatli bahslarda ishtirok etgan 19 nafar sportchimizdan 3 nafari medallar uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. 

Terma jamoamiz a’zolaridan Dilshodbek Baratov, Kamoliddin Baxtiyorov, Bahrom Boturov, Muhriddin Tilovov, Abdurahim Nutfulloyev, Bobur Vadjiyev, Halimajon Qurbonova, Fotimaxon Tursunboyeva, Ulbusin Hakimova, Laziza Haydarova, Sita Qadamboyeva, Muhayyo Ahmatova, Shukurjon Aminova, Nilufar Yermaganbetova, Farangiz Maksetbayeva, Yulyana Rejepova saralash bellashuvlarida raqiblariga yo‘l berdi. Toshkent tatamilaridagi “Katta dubulg‘a” turniri ular uchun keyingi musobaqalarga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib qoldi.  

"Parij-2024" Olimpiadasining reyting ochkolari va xalqaro turnir medallari uchun kurash olib boradigan 60 kg. vazn toifasida Doston Ro‘ziyev, 52 kilo og‘irlikdagi Gulhayo Jo‘rayeva, 66 kilogrammli Sardor Nurillayevning "Parij-2024" yo‘lidagi muhim ballarga ega chiqqani ahamiyatli bo‘ldi. 

Ertaga, 2-mart kuni xalqaro turnirning ikkinchi kungi bahslarida dzyudochi yigitlar 73, 81 va 90 kilogrammda, ayollar 63 va 70 kilo og‘irlikdagi bellashuvlarda medallar uchun kurashlarni o‘tkazadi. Ertangi bahslarda terma jamoamizning 12 nafar erkak va 8 nafar ayol dzyudochilari tatamiga chiqadi. Ular orasida mahoratli dzyudochilarimiz Murodjon Yo‘ldoshev, Shahram Ahadov, Obidxon No‘monov, Sharofiddin Boltaboyev, Hikmatulloh To‘rayev, Davlat Bobonov qatori Muso Sobirov, Nurbek Murtazoyev, Shahzodxo‘ja Sharipov, Jaloliddin Qurbonmurodov, Azizbek Avazmurodov, Muhammad Jumayev singari yoshlarimiz ham o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi 63 kilogramm vaznda Sevinch Isoqova, Marjona Nurulloyeva, Sarvinoz Husanova, Farangiz Hojiyeva, 70 kilo og‘irlikda Gulnoza Matniyazova, Shohista Nazarova, Barchinoy Qodirova, Xurshida Razzoqberdiyeva “Katta dubulg‘a” shavqidan bahra oladi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XgtWZc9VrlA" title="Dzyudo: Toshkent bellashuvlari shiddati dunyoga yoyilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Musobaqalar 3-martga qadar davom etadi. 

T.Ro‘ziyev, A.Sodiqov (video), O‘zA.