Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida dzyudo bo‘yicha davom etayotgan "Katta dubulg‘a" turkumidagi nufuzli turnirning ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Hojiakbar Toshev, Murodjon Yo‘ldoshev va Amirbek Aminov g‘oliblik yo‘lidagi bellashuvlarda ishtirok etadi.
Kecha xalqaro turnirning ilk kunida -66 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Abdurahim Nutfulloyevning oltin medali tufayli O‘zbekiston terma jamoasi medallar jamg‘arish borasida 28 davlat orasida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Turnirda 3 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Yaponiya terma jamoasi yetakchilik qilayotgan vaziyatda IJF bayrog‘i ostida qatnashayotgan rossiyalik dzyudochilar 1 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan 2-o‘rinda bormoqda.

Bugun mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat turnirda dzyudochilarimizdan Hojiakbar Toshev -73 kilogrammda Mate Beruashvili (Gruziya) va Lin Gaoxuey (Xitoy) g‘olibiga qarshi tatamiga chiqsa, Murodjon Yo‘ldoshev -81 kilogrammda Abdul-Kerim Tasuyev (IJF) va Almazjan uulu Tegin (Qirg‘iz Respublikasi) qarama-qarshiligi omadlisi bilan ro‘baro‘ keladi. Ushbu vaznda tatamiga chiqadigan yana bir sportchimiz Amirbek Aminov gruziyalik Kote Kapanadze qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Xalqaro turnir musobaqalari 27 iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA