Mamlakatimiz sportchilari xalqaro maydonlarda munosib natijalarga erishib, Vatanimiz shuhratini ulug‘lab kelmoqda.
Joriy yil Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida o‘tgan «Osiyo bolalari» o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashi tarixiy voqelik bo‘ldi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida Olmaota shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo kubogi hamda «Osiyo bolalari» o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida dzyudochi yoshlar tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar e’tirof etildi.
Taqdirlash marosimida Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov har ikki musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritib, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga munosib bo‘lish lozimligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, dzyudochilarimizning Olmaotada o‘tkazilgan Osiyo kubogida yoshlar o‘rtasida 5 ta oltin, 5 ta kumush, 10 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rin egallanishi, o‘smirlar terma jamoasining esa 6 ta oltin, 7 ta kumush, 16 ta bronza medal bilan 1-o‘rinni band etishi, Yakutsk shahri mezbonlik qilgan «Osiyo bolalari» kompleks musobaqasida dzyudochi yoshlarimiz 6 ta oltin, 4 ta kumush, 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritishi O‘zbekiston sportining xalqaro maydondagi yangi yuksalish davri boshlanganidan dalolatdir.

E’tibor va ehtiromga munosib ko‘rilgan sportchilar, ularning murabbiylari, ota-onalari mamlakatimizda mahoratli yosh sportchilarni tanlash, saralash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, sog‘lom raqobat muhiti yaratilganini bildirdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA