English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo: “Parij-2024” Olimpiadasida qatnashadigan tarkib ma’lum
14:43 / 2024-06-21

"Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari yaqinlashgani sayin unda ishtirok etishi kutilayotgan jamoalar, sportchilar nomi e’lon qilinishi an’ana tusiga kirgan.

Bugungacha Yaponiya, Qozog‘iston, Gruziya kabi bir qator davlatlar Fransiya poytaxtida o‘tadigan to‘rt yillikning muhim kompleks o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida ishtirok etadigan tarkibini e’lon qilib bo‘ldi.   

Xo‘sh, “Parij-2024” Olimpiadasining dzyudo bahslarida yurtimiz sharafini kimlar himoya qiladi?  

Bu savol ko‘pchilik dzyudo ishqibozlarining, keng sport jamoatchiligining e’tibor markazida edi.   

Kuni kecha O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi murabbiylar kengashi "Parij-2024"da o‘z mahoratini namoyish etishga loyiq ko‘rilgan tarkibni tasdiqladi.   

Aytish lozim, bu galgi Olimpiya o‘yinlari reytingida mamlakatimizning ko‘plab dzyudochilari o‘z vaznlarida kuchlilar qatorida qayd etildi. Ba’zi hollarda bitta vaznda o‘zbekistonlik 3-4 nafar sportchi “Parij-2024” reytingiga kiritildi. Ular har jihatdan mahoratlilar safida bo‘lishga munosibligini xalqaro musobaqalardagi ishtiroki orqali isbotladi.  

Biroq, Xalqaro dzyudo federatsiyasining Olimpiya o‘yinlari uchun ishlab chiqqan dasturiga muvofiq, Olimpiya o‘yinlarida har bir davlatdan faqat bir nafardan dzyudochi ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, aynan qaysi sportchining Olimpiya o‘yinlariga borishini milliy federatsiya tomonidan tasdiqlangan murabbiylar kengashi belgilashi ko‘rsatib o‘tilgan.   

Shu o‘rinda bir gap. Bugungacha mamlakatimiz dzyudochilari o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari tarixida hech qachon 12 ta o‘rin bilan ishtirok etmagan. Bu gal esa O‘zbekiston dzyudosi tarixida yangi cho‘qqi zabt etildi.   

Dzyudochi yigitlarimiz 7 nafar sportchi bilan Olimpiada medallari uchun kurash olib borsa, dzyudochi qizlarimiz 4 ta vaznda Parij tatamilarida O‘zbekiston nomini ulug‘laydi.   

Bundan tashqari, terma jamoamiz jamoaviy aralash bahslarida “Parij-2024”ning sovrinli o‘rinlariga da’vogarlik qilayotgani e’tiborli bo‘lmoqda.   

“Parij-2024” Olimpiadasida ishtirok etadigan sportchilar bilan tanishing:   

Erkaklar:

-60 kg: Doston Ro‘ziyev   

-66 kg: Sardor Nurillayev   

-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev   

-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev   

-90 kg: Davlat Bobonov   

-100 kg: Muzaffarbek To‘raboyev   

+100 kg: Alisher Yusupov   

Ayollar:   

-48 kg: Halimajon Qurbonova   

-52 kg: Diyora Keldiyorova   

-70 kg: Gulnoza Matniyozova   

-78 kg: Irisxon Qurbonboyeva   

Eslatib o‘tamiz, bundan uch yil muqaddam dzyudochilarimiz “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarining 11 ta sovrinli o‘rinlari uchun kurashgan edi. O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi kunchiqar yurtda 7 nafar o‘g‘il, 3 nafar qiz va aralash jamoaviy yo‘nalishdagi bahslarda qatnashib, yakunda iste’dodli sportchimiz Davlat Bobonov -90 kilogramm vaznda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.   

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA