Portugaliyada dzyudo bo‘yicha yilning ilk gran-pri turnirining so‘nggi kunida 3 nafar dzyudochimiz o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Bir kun muqaddam 73 kilogram og‘irlikdagi bahslarda hamyurtimiz Murodjon Yo‘ldoshev barcha raqiblarini, jumladan final bellashuvida ispaniyalik Salvador Kases Rokani ippon evaziga mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgani ham musobaqaning so‘nggi kunida tatamiga chiqqan vakillarimizga ruhiy dalda bera olmadi.
Dastlab 90 kilogrammda Doston Meyliyev saralash bahslarini muvaffaqiyatli boshladi. Afsuski, 1/4 final yo‘llanmasi uchun kurashda tojikistonlik tajribali sportchi Komronshoh Ustopiriyonga teng bahsda ogohlantirishlar hisobiga yutqazib qo‘ydi. Tojikiston vakili esa musobaqani 3-o‘rin bilan tugatdi.
100 kilo og‘irlikda bellashgan Aqlmurodbek Xudoyberdiyev esa ilk davrada fransiyalik Yoris Agbegnenuga qo‘shimcha vaqtda imkoniyatni boy berdi. Hamyurtimiz to‘sig‘idan qiyinchilik bilan o‘tgan fransiyalik sportchi bahslari yakuniga ko‘ra, 7-o‘rin bilan kifoyalandi.
Portugaliya gran-prisida ayollar o‘rtasida 78 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Irisxon Qurbonboyeva medallar uchun bahsning saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Chorak final ostonasigacha yetib keldi. Biroq, yarim finalga o‘tishda polshalik Yevropa chempionati sovrindori Beata Pakut hamyurtimizdan ustun ekanligini ko‘rsatdi. Ammo yakunda u ham raqibalariga yo‘l bergan tarzda 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Omadsizlik ortidan omadsizlik keladi deganlaridek, Irisxon bronza medali uchun kurashda angliyalik Emma Reydga ham yo‘l berishga majbur bo‘ldi va nufuzli musobaqani 7-o‘rin bilan yakunladi.
Ta’kidlash lozimki, Portugaliyada yakunlangan yilning ilk nufuzli dzyudo musobaqasida ishtirok etgan 41 ta davlatning 9 tasi oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ular orasida yurtimiz sportchilari ham borligi e’tiborli bo‘ldi. Xalqaro turnir mundarijasiga binoan, turnirda 41 ta davlatdan 25 tasi oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.16 dauvlat sportchilari esa biron bir sovrinli o‘ringa ko‘tarila olishmadi.
Umumjamoa hisobida 4 ta oltin medal bilan Janubiy Koreya dzyudochilari 1-o‘rinni, 2 tadan oltin medalga ega chiqqan Nederlandiya va Portugaliya vakillari keyingi pog‘onalardan joy oldi. 1 tadan oltin medallarga ega chiqqan Xorvatiya, Braziliya, Moldova, Belgiya, O‘zbekiston va Kosova sportchilari mos ravishda keyingi qatorlardan o‘rin olishdi.
Endi mamlakatimiz dzyudochilari joriy yil 5-6 fevral kunlari Fransiya poytaxti Parijda dunyoning 58 ta davlatidan 350 nafarga yaqin dzyudochilari qatnashadigan “Katta dublg‘a” turkumidagi nufuzli musobaqada ishtirok etishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA