Urganch shahridagi "Yoshlik" sport majmuasida 3 kun mobaynida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslari yakunlandi.
Murosasiz bellashuvlarda yurtimizning 600 nafarga yaqin dzyudochilari 14 vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Kubok bellashuvlarida Markaziy harbiy sport klubi sportchilari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi. Musobaqalarni 30 nafar tajribali hakamlar boshqarib bordi, deyiladi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.
Kubok bellashuvlari o‘g‘il bolalar o‘rtasida 60, 66, 73, 81, 90, 100 va +100 kilogramm vaznlarda, qizlar o‘rtasida esa 48, 52, 57, 63, 70, 78 va +78 kilogramm vazn toifalarida bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlarda 5 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan xorazmlik dzyudochilar norasmiy tarzda umumjamoada 1-o‘rinni egalladi. Ulardan keyingi o‘rinlarni 2 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan Qashqadaryo, Navoiy viloyati va Toshkent shahri vakillari egalladi. Keyingi pog‘onalarga esa 1 tadan oltin medalga egalik qilgan Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Buxoro viloyati dzyudochilari joylashdi.
O‘z vazn toifalarida Fotima Tursunboyeva (Namangan), So‘g‘diyona Rafkatova (Xorazm), Muxlisa Genjayeva (Xorazm), Barchinoy Qodirova (Xorazm), Farangiz Xolmurodova (Qashqadaryo), Shirinjon Yo‘ldosheva (Xorazm), Xosiyat Masharipova (Xorazm), Bahrom Botirov (Buxoro), Bahrom Boyqulov (Qashqadaryo), Muhammad Jumayev (Navoiy), Ramazon Allaberdiyev (Toshkent shahri), Ixtiyor Eshmurodov (Navoiy), Aqlmurod Xudoyberdiyev (Surxondaryo), Shahboz Po‘latov (Samarqand) g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Mamlakat kubogida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar munosib taqdirlandi.
Mamlakatimiz dzyudochilari endi 17-19 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston chempionati bahslarida qatnashadi. Joriy yilning noyabr oyida viloyatlarda mamlakat chempionatining saralash bahslari o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Aytish lozimki, O‘zbekiston chempionatida Tokioda o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Davlat Bobonovdan tashqari barcha yetakchi sportchilar ishtirok etishi belgilangan. Ushbu chempionatdan keyin mamlakat terma jamoa tarkibi shakllantiriladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA