Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dzyudo ommaviy sport turlaridan biriga aylanadi
12:19 / 2022-06-26

Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi, shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu aholi salomatligini, qolaversa, yoshlarning kuch va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralash ishlarini tizimli tashkil etish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Buni O‘zbekiston yoshlarining Olimpiya o‘yinlari, Jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari, xalqaro musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari misolida ko‘rish mumkin. 

Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni va 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydoni, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi. 

Taraqqiyot strategimizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. 

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining shu yil 20 iyundagi “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur qarorda ilgari surilgan maqsad va vazifalarga to‘xtalsak. Birinchidan, dzyudo sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, dzyudoni aholi o‘rtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yishni asosiy yo‘nalish sifatida qayd etish mumkin. Dzyudoni ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish uchun mazkur sport turiga qiziquvchi yoshlar safini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada chekka hududlarda ham dzyudoga qiziquvchi yoshlar bilan ishlash mexanizmini takomillashtirish lozim. 

Shu bilan birga, maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uyg‘otish va jang san’atining ushbu turi bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu maqsadda maktabgacha yoshdagi bolalarni dzyudo sport to‘garaklariga jalb etish, ularni ushbu sport sportga qiziqishini oshirish muhim ahamiyatga ega. 

Yana bir muhim yo‘nalish dzyudo bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish hisoblanadi. Bu borada aniq va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, yaxlit tizim yaratish talab etiladi. O‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqishga ham e’tibor qaratish lozim. 

Ma’lumki, sportni ommalashtirishda muhim jihatlardan biri mahalliy va xalqaro musobaqalar, turnir va chempionatlar tashkil etish hisoblanadi. Shu jihatlarni inobatga olib, qarorda 2023 yil 1 yanvardan boshlab an’anaviy tarzda dzyudo sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda kattalar o‘rtasida “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri, Osiyo chempionati g‘olibi va Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida xalqaro turnir, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq ta’limi vaziri kubogi”, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari o‘rtasida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri kubogi”, Qurolli

Kuchlar tizimida “Mudofaa vaziri kubogi”, 2024-2025 yillarda harbiylar o‘rtasida Jahon chempionati o‘tkazilishi belgilandi. 

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov tumani hamda Xorazm viloyati Urganch shahar olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari negizida Denov hamda Urganch dzyudo sport mahorati maktablari tashkil etiladi. Bu ham bo‘lsa mazkur sport turiga qiziquvchi yoshlar safi kengayishiga zamin yaratadi.  

Dzyudo maktablarida milliy terma jamoalarga yosh sportchilarni tanlab olish va tayyorlash amalga oshiriladi. O‘qishga 5-sinfdan qabul qilinadi hamda ta’lim olish muddati yetti yil etib belgilanadi. Shu bilan bir qatorda, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish bo‘yicha “Bolalar uchun dzyudo” dasturi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Maktabgacha dzyudo” loyihasi amalga oshiriladi. 

Yana bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim. Mazkur dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun infratuzilmani yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi dzyudo zallari sonini oshirish va borlarini xalqaro andoza va talablarga javob berishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi. 

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, mazkur chora-tadbirlar aholi o‘rtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralashga xizmat qiladi. 

Arslon ILOV, 

O‘zDJTSU Xalqaro kurash turlari  

nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professori, 

“Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi 

O‘zA