Xabar berganimizdek, joriy yilning 6-13 oktyabr kunlari dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionati poytaxtimiz Toshkentda o‘tkaziladi.
Dunyo dzyudo ixlosmandlarining diqqat-e’tiborida bo‘lgan mazkur jahon chempionatiga dunyoning 88 ta mamlakat terma jamoalari qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Milliy terma jamoamizning ushbu nufuzli musobaqada vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan tarkibi e’lon qilinib, uning tegrasida qizg‘in muhokamalar boshlanib ketdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov, federatsiyasi bosh kotibi Ulug‘bek Kabulov, federatsiya raisi o‘rinbosari Shokir Mo‘minov, 3 karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov hamda terma jamoalar menejeri Eldor Qahhorov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.
Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari terma jamoamiz tarkibi, sportchilarimizning jismoniy va ruhiy holati, jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish borasida ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalasi kabi qator mavzulardagi savollariga javob oldi.
Aytish lozim, dzyudo bo‘yicha mamlakat terma jamoasi murabbiylar kengashi e’lon qilgan tarkib ko‘plab muxlis va mutaxassislar o‘rtasida muhokama bo‘lmoqda.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berish asnosida federatsiya rahbari Azizjon Komilov tarkibni murabbiylar kengashi aniqlaganini, medallar uchun kurashlar shiddatli o‘tishini qo‘shimcha qildi va bu masalada milliy terma jamoaning xorijlik murabbiylari Ilias Iliadis va Marko Shpitka astoydil ish olib borayotganini ta’kidladi.
Xalqaro dzyudo olamida katta tajribaga ega nomdor sportchimiz Rishod Sobirov Toshkentda o‘tadigan bunday nufuzli musobaqa dzyudochilarga ruhan dalda bo‘lishini, bugungi kunda davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi.
[gallery-8991]
Muloqotlar davomida mutasaddilar bugungacha 100 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari chempionatni bevosita yoritish uchun ro‘yxatdan o‘tganligi, Toshkent tatamilaridagi bahslar dunyoning 120 dan ortiq davlatlarida translyatsiya qilinishi borasida axborot berdi.
Yana bir e’tiborli holat. Mazkur tarixiy jahon chempionati tufayli mamlakatimizda turizm sohasida ham o‘ziga xos yangi qadamlar tashlanadi.
Mutasaddilarning bildirishicha, musobaqani bevosita tomosha qilish uchun dunyoning turli burchaklaridan yuzlab dzyudo ishqibozlarining yurtimizga kelishi kutilmoqda. Bu, chempionat chiptalarining onlayn sovdosida aks etmoqda. Shuningdek, ushbu musobaqa doirasida poytaxtimizda Xalqaro dzyudo federatsiyasi tashabbusi bilan turli tadbirlarning tashkil etilishi musobaqa ahamiyati ne chog‘li yuksakligidan dalolat bermoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA